Butun tabiat yasharish, yangilanish og’ushida yangilikka yuz tutayotgan shunday qutlug’ lahzalarda SHarqona yangi yil –Navro’z kirib kelmoqda. Bahorda tevarak-atrof tuproq isi, gul-u-chechaklar iforiga to’yingan onlarda keng tantana qiladigan bu go’zal ayyomimizning qadri balanddir. Navro’z-qut-baraka, mehr-oqibat, bunyodkorlik va hamjihatlik timsoli hamdir.

Buni Navro’z bayrami arafasida mamlakatimiz bo’ylab o’tkazilgan umumxalq xayriya xasharida ham yaqqol ko’rish mumkin. Ikki kun davom etgan xayriya xashari Namangan viloyatida ham ko’tarinkilik bilan o’tkazildi. Hashar kunlari asosiy e’tibor xar bir xududlarni obodonlashtirish, uning chehrasini ko’rkam qiyofaga keltirishga qaratildi. Natijada, viloyatimiz markazidan tortib, uning shahar va tumanlari, qishlog’u-mahallari, guzarlari ajib bir manzara hosil qildi.

Ana shunday tadoriglar bilan kutib olingan bu yilgi Navro’zi olamning asosiy bayram tadbiri Namangan shahridagi “Kichkintoylar bog’i” amfiteatrida bo’lib o’tdi.

Bayramona bezatilgan bog’, uning amfiteatri shu kuni ajib bir tarovat kasb etdi.

“Obod yurtga xush kelding, Navro’zi olam” nomli teatrlashtirilgan bayram dasturining avvalida viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi B.Yusupov Navro’z bayrami bilan muborakbod etdi.

Shundan so’ng, Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali, drama va komediya teatri, Akademik va xalq badiiy jamoalari direktsiyasi, “O’zbeknavo” estrada birlashmasi viloyat bo’limi hamda Namangan san’at va madaniyat kollejlari jamoalarining yakka ijrochilari hamda estrada xonandalari tomonidan ona-Vatanga, tabiatga, zaminga muhabbat g’oyalarini tarannum etuvchi kuy-qo’shiqlar yangradi.

Poytaxtdan tashrif buyurgan el suygan xonandalarning viloyatimiz aholiga yo’llagan bayram tabriklari, kuy-qo’shiqlari davraga yanada fayz kiritdi.

Navro’zi olam bayram tadbirlari viloyatimizning barcha tumanlari, qishlog’-u, mahallalarida davom etmoqda.

Manba: Axborot xizmati

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirb olish (26,5 KB)