Mamlakatimizning ko'p asrlik tarixi va mustaqillik davridagi taraqqiyotida Namangan viloyati o'zining boy o'tmishi, madaniyati bilan muhim o'rin egallab kelgan. Namangan Farg'ona vodiysidagi qadimgi shaharlardan. Shahar ko'chmanchi chorvadorlar va dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi o'troq aholi yashaydigan chegarada vujudga kelgan. Namangan qishlog'i haqidagi dastlabki ma'lumot 14-asrlar oxiriga tegishli. Bobur o'zining "Boburnoma" asarida Namanganni qishloq sifatida eslatib o'tgan. Tarixchilarning xabar berishicha, bu yerga 1582 yilda asir olingan forslar keltirib joylashtirilgan. 1643 yilgi vaqf hujjatida ham shahar deyilgan. Shahar tuz koni yaqinida barpo bo'lganligi uchun nomi "namak kon" so'zlaridan deb taxmin qilinadi. 1620 yil Farg'ona vodiysining qadimgi poytaxti Axsi (Axsikant) zilziladan vayron bo'lgach, uning aholisi yaqinroq joylashgan Namanganga ko'chib o'tadi. 1813 yilda Qo'qon xonligida bo'lgan rus elchisi Filipp Nazarov Namangan shahar hokimining devor bilan o'ralgan saroyida ancha lashkar saqlanganligini yozgan.

1819-1822 yillarda Yangiariq kanali qazilib, shaharning suv ta'minoti ancha yaxshilanadi. 1842-45 yillarda shahar atrofi mustahkam devor bilan o'rab olindi. 1876 yil fevralda Qo'qon xonligi tugatilgach, Namangan uezd shaharlaridan biri bo'lib qoldi. 19-asr oxirlarida eski shahar yonida evropalik fotihlar o'zlari uchun muassasa va turar joy binolari qurdilar. Natijada "yangi shahar" vujudga keldi.

Ayni vaqtda sanoat korxonalari xam barpo etila boshladi. 1914 yil shaharda 40 dan ortiq korxona (shundan 17 tasi paxta tozalash zavodi) bor edi. Keyingi o'n yilliklar ichida shaharda yengil, oziq ovqat va mashinasozlik sanoati korxonalari hamda Namangansoyda GES lar qurildi.

Namangan shahrida otashnafas shoir va mutafakkir Boboraxim Mashrab (1657-1711), To'raqo'rg'onda shoir, tilshunos, ma'rifatparvar Isxoqxon Junaydullo o'g'li Ibrat (1862-1937), Chustda shoir Muhammmadsharif Egamberdi o'g'li So'fizoda (1869-1937) va boshqalar yashab ijod qilganlar. Namangan shahri va viloyatida saqlangan me'moriy yodgorliklar asosan 18-20 asr boshlarida bunyod etilgan. Namangandagi Mulla Qirg'iz madrasasi 20-asr boshlarida shahar markazida qurilgan. Madrasa uning qurilishiga rahbarlik qilgan shaxs-usta Qirg'iz nomi bilan atalgan. Ushbu madrasa yaqinida ayni vaqtda Ota Valixon to'ra masjidi ham qurilgan. Mavlon buva majmuoti mahaliy shoirga bag'ishlangan bo'lib, uning qurilgan sanasi (1806 yil) peshtoqiga bitilgan. Maqbara shoirlarning ziyorat xonasiga aylangan. Xo'ja Amin maqbarasi 18 asr o'rtasida barpo etilgan. Binoning bosh fasadini bezashda 12-14 asrlar bezak usuli (o'yma sopol taxtachalari) dan foydalanilgan.

Viloyat 1967 yil 18 dekabrda qayta tashkil etilgan (avval 1941 yil 6 martdan 1960 yil 23 yanvargacha mavjud bo'lgan). Respublikaning sharqiy, Farg'ona vodiysining shimoliy qismida joylashgan.

Viloyat Farg'ona vodiysining shimoliy qismida, asosan, Sirdaryoning o'ng sohilida joylashgan. Yer yuzasi balandligi 400-750 metr bo'lib, shimolga tomon balandlashib boradi. Shimoliy Chotqol va Qurama tog'lari bilan o'ralgan. Tog' oldilari balandligi 1000-1200 metr adirlardan iborat. Viloyat geologik faol xududda joylashgan. 8 ballgacha zilzilalar bo'lib turadi. Katta maydonni egallagan Qoraqalpoq cho'lida dehqonchilik qilinadi. Rangli metall konlari bor. Gips, oxaktosh va boshqa qurilish materiallari olinadi, Viloyatning qator hududlaridan shifobaxsh mineral suvlar (Chortoq, Chodaksoy, Shahand, Uchqo'rg'on) topilgan. Iqlimi kontinental. Yozi issiq, uzoq, qishi nisbatan yumshoq va qisqa. Havo xaroratining sutkalik tebranishi keskin, yog'in kam. Tekislikda yanvarning o'rtacha temperaturasi - 3,5 daraja s, iyulniki 25 s. Yillik yog'in tekislik va tog' oldilarida 100-200 mm., tog' etaklarida 600 mm. gacha. Namangan shahri atrofida vegetasiya davri (229 kun) bo'lib, Farg'ona vodiysining janubiy va sharqiy tomonlariga qaraganda eng uzoq davom etadi.