Pop tumani hokimi

 

 Sultanov Azamjon Maxmudovich (batafsil)

 Qabul qilish kunlari: Xar haftaning Seshanba kuni soat 14:00 dan 17:00 gacha

 tel: (0-369) 43-31-131, 43-31-435

 Manzil: 160500, Namangan viloyati, Pop tumani, Pop shahri N.Niyozov ko'chasi 5-uy

 E-mail:  Бу электрон манзил спамлардан химояланган. Уни куриш учун JavaScript ни ишга туширишингиз керак.

 Veb-manzil: www.poptuman.uz

Pop tumai hokimligining reglamenti

Namangan viloyatining Pop tumani Farg’ona vodiysining shimoliy, Namangan viloyatining shimoliy-g’arbiy qismida Qurama tog’ tizmalarining janubiy yonbag’ri va Sirdaryo vohasida joylashgan, maydoni 2941 kv. km. Chegarasining uzunligi 344 km. bo’lib, shimoldan janubga Chotqol, Qurama tog’ tizmalaridan markaziy Farg’ona tekisliklarigacha bo’lgan kengliklarni egallab, shimoldan Qirg’iziston Respublikasining Jalolobod viloyati, sharqdan Chust va Mingbuloq tumanlari, Farg’ona viloyatining Buvayda va Dang’ara, g’arbdan Tojikiston Respublikasining Asht tumani, Toshkent viloyatining Ohangaron va Bo’stonliq tumanlari bilan chegaradosh. Tuman hududi geologik aktiv zonada joylashgan. Tuman hududida Sirdaryo, Shimoliy Farg’ona va Oxunboboev nomli kanallar, tog’oldi adirlaridan Chodaksoy, G’ovasoy, Jabborsoy, Olmossoy, Uyg’ursoy, Tuzliksoy, O’g’rijarsoy, Selgasoy, tog’lardan Kengqulsoy, Sansalaksoy, Rezaksoy, Quyundisoy, Tollisoy, Chaylisoy, Chuqursoy, Egrisoy, Quzg’untoysoy, Ko’lquygansoylar oqib o’tadi. Shuningdek, tuman hududida Qaznoq va Tavot ko’llari bor. Iqlimi kontinental. Yozi issiq, uzoq, qishi nisbatan yumshoq va qisqa. Tuprog’i asosan bo’ztuproq. Tuman hududida Sirdaryo havzasining janubiy qismi 300-350 metr, havzasining shimoliy qismi 1000-1500 metr, tog’li hududlari 2500-3400 metr dengiz sathidan balandlikda joylashgan. Tog’ yonbag’irlarida yontoqzorlar, olchazorlar, olmazorlar, 300 metrdan yuqorida archazorlar bor. Undan yuqorida yozgi yaylovlar mintaqasi joylashgan. Tuman hududida turli-tuman, boy flora va fauna dunyosi bor.

IX-X asrlarda yashagan arab sayyoxlari Ibn Xordadbek va Istaxriy tomonidan bitilgan yozma manbaalarda Pop so’zi "Bob" deb tilga olingan bo’lib, bu arabcha "Darvoza" ma’nosini anglatadi. 983 yilda yozilgan noma’lum muallif qalamiga mansub "Hudud-ul-olam" ("Olam chegaralari") nomli kitobning "Movaroun-nahr viloyati va uning shaxarlari" deb nomlangan qismida "Bob" so’zi yozilib, bu o’lka shimoliy Farg’onaning savdo yo’lida joylashgan obod shaxarlaridan biri sifatida ta’riflangan. O’zbek klassik adabiyotining namoyondalaridan biri, shoh Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur "Boburnoma" asarida «Pop qo’rg’oni» xaqida ma’lumotlar uchraydi. Uning boshlanishida "Ahsining berk qo’rg’onlaridan biri Pop qo’rg’onidur. Poplik(lar) Pop qo’rg’onini berkitib, bizga kishi yuboribturlar...» ("Boburnoma", Toshkent, 1966, 166-bet) jumlalari uchraydi. O’zbek Qomusida qadimgi Pop shaxri xozirgi Sang qishlog’i o’rnida miloddan avvalgi II va milodning III asri oralig’ida mavjud bo’lganligi qayd etiladi. Munchoqtepa topilmalari esa Pop shaxri yoxud qo’rg’oni qachon va qaerda bo’lganligini aniqlashga imkon bermoqda. Binobarin, Pop shaxri milodning boshlarida Sirdaryoning o’ng soxilida xozirgi G’ovasoy voxasining eng so’lim joylaridan birida vujudga kelganligi ma’lum bo’lmoqda. 1987-1989 yillarda Munchoqtepadan topilgan nodir ashyolar jaxonshumul tarixiy va arxeologik axamiyatga ega bo’lib, Munchoqtepa "Buyuk ipak yo’li" xalqaro ekspeditsiyasi xaritasiga kiritildi. Tarixda "Buyuk ipak yo’li" deb nomlangan qit’alararo savdo yo’li kunchiqar mamlakatlarini kunbotar mamlakatlari bilan bog’lagan. Munchoqtepa va Balandtepadagi ilmiy-qazuv ishlari Popning bu savdo yo’lida muxim rol o’ynaganligini ko’rsatmoqda. Ko’plab ipak matolar, Xitoyning U-Shu, Kay Yuan kabi tanga chaqalari shundan dalolat beradi. Yana Shomozor qishlog’idan o’tgan "Ulug’ Yo’l" aynan Balandtepa yaqinidan o’tgan. Andijon, Quva, Axsikentdan kelgan ipak yo’li Popda bir necha bo’lakka ajralgan. Yo’llarning biri Pungon orqali Qamchiq dovoni bilan Ohangaron vohasiga, undan Qozog’iston dashtlari bilan Rossiya tomonlarga davom etgan. Ikkinchi yo’l Asht orqali Xo’jand va Konibodom, undan Ustrushona (Jizzax) orqali So’g’d (Samarqand, Buxoro), Tohariston (Surxondaryo), undan hozirgi Afg’oniston, Eronga ketgan. Vodiyda esa Pop yirik shahar va dexqonchilik markazi sifatida gullab-yashnagan. Chor Rossiyasining O’rta Osiyoni istilo qilishi Pop ahlining ham ikki tomonlama ezilishga olib keldi. 1905-1907 yillarda o’z huquqlarini himoya qilmoqchi bo’lgan xalq bilan chor amaldorlari va qishloq boylari o’rtasida to’qnashuvlar bo’lib o’tdi. Tepaqo’rg’on, Qirchin, G’urumsaroy, CHodak qishloqlarida oqsoqol saylashda bunday ziddiyatlar yanada kuchaydi. Chor Rossiyasi XX asr boshlarida Farg’ona vodiysidan paxta, jun, ipak, teri, meva va boshqa xom ashyolarni markazga tashib ketish uchun temir yo’l qurilishiga zo’r bera boshladi. 1908-1912 yillarda uzunligi 84 km. bo’lgan Qo’qondan Pop orqali temir yo’l qurildi. Sirdaryoga yog’och ko’prik bunyod etildi. 1912 yil dekabrida 1-marta Namanganga Pop orqali poezd o’tdi. Pop tumani 1926 yil 26 sentyabrda Farg’ona okrugi tarki-bida tashkil topgan. 1930 yildan Chust-Pop tumani nomi bilan atalgan. 1931 yilda Chust tumani ajralib chiqqanidan keyin Pop tumani deb atalib kelinmokda. 1947 yildan tuman Namangan viloyati tarkibida, 1960 yil yanvaridan Farg’ona viloyati, 1967 yil dekabridan yana Namangan viloyati tarkibida bo’lib kelmoqda. Pop tumani Namangan viloyati tarkibida hududi jihatidan eng katta bo’lib, viloyat maydonining 43,8 foizi, aholisining 10-12 foizini va yaylovlarining asosiy qismini tashkil etadi. Ulug’ Vatan urushida tumandan 5 mingga yaqin kishi qatnashib, ulardan 1564 nafariga oila bag’riga qaytish nasib etmadi. Dushmanga qaqshatgich zarba berishda mardlik, jasorat ko’rsatgan 2 mingga yakin yurtdoshlarimiz ko’ksini orden-medallar bezadi. Urush yillari front orqasini mustaxkamlash, xalq xo’jaligi ishlarini to’xtatmaslik, jangchilarni kiyim-bosh va oziq-ovqat, samolyot, tanklar yasalishi uchun mablag’ bilan ta’minlash ishlarida xotin-qizlar, qariyalar, bolalar, turli sabablar bilan qoldirilgan kishilar, shuningdek nogironlar kechayu-kunduz tinimsiz mehnat qilib, frontga xar tomonlama madad ko’rsatdilar, tuman mehnatkashlari frontga jangovar texnika vositalarini ko’paytirish uchun 6 mln.so’mdan ko’p mablag’ jo’natildi. Ulug’ Vatan Urushi xalqimizning g’alabasi bilan tugagach, mamlakatda tiklanish, xalq xo’jaligini oyoqqa turg’izish harakati boshlandi. Tumanimizda ham xo’jalik, madaniy qurilish vazifa-larini bajarish yo’lida keng hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Qishloq xo’jaligi va chorvachilikni rivojlantirish, yangi tashkil etilgan sanoat korxonalari va qurilish tashkilotlaridan ish hajmini oshirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratildi. Urushdan keyingi 50 yil ichida shaxar, qishloqlar jamoli tubdan o’zgarib, aholi turmush darajasi yaxshilandi. Katta hajmda ko’p qavatli uylar, maktablar, bolalar bog’chalari, shifoxonalar, madaniy-maishiy, savdo tarmoqlari, ma’muriy binolar qurildi, yo’llar ravonlashib, asfalьtlashdi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va boshqa qulayliklar bilan ta’minlash keskin yaxshilandi. Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so’ng ma’naviy, iqtisodiy, madaniy soxalarda sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi. Milliy qadriyatlarimiz tiklandi, davlat maqomi berilgan o’zbek tilida ish yuritish keng quloch yoydi, yetim-esir bolalar va yakka yolg’iz qariyalar, nochor oilalar va nogironlarni ijtimoiy ximoyalash, ularga muruvvat, xayr-exson, saxovat ko’rsatish an’anaga aylandi, maxallalardagi ishlar jonlandi, odamlar o’rtasida mexr-oqibatni mustahkamlashda katta ishlar olib borilyapti.