Namangan shahar hokimi

 Otaxodjayev Anvar Xojaxanovich (batafsil)

 Qabul qilish kunlari: Xar haftaning Seshanba kuni soat 09:00 dan 12:00 gacha

 tel: (0-369) 227-28-00, 227-16-86

 Manzil: 160100, Namangan shahar, Hurriyat ko'chasi 66-uy

 e-mail: Бу электрон манзил спамлардан химояланган. Уни куриш учун JavaScript ни ишга туширишингиз керак.

 Veb-manzil: www.namangancity.uz

 Namangan shahar hokimligining reglamenti

Namangan - qadimiy shaharlardan biri bo’lib, uning tashkil topishi tarixiy manbaalarga ko’ra taxminan 1610 yillarga to’g’ri keladi. Namangan shahri rel'yefi asosan tekislik mintaqa xarakteriga ega. Yer yuzasi shimoldan janubga va g’arbdan sharqqa tomon pasayib boradi. Iqlimi keskin kontinental bo’lib, janubiy, ya’ni tekislik mintaqasida subtropik. Yoz oylarida harorat keskin ko’tarilib, havo quruq va issiq bo’ladi.

Shahar Farg’ona vodiysining shimoliy qismida joylashgan bo’lib, dengiz sathidan 450 metr balandlikda joylashgan. Namangan shahri shimoldan Kosonsoy va Yangiqo’rg’on, sharqdan Uychi, janubdan Namangan tumani, g’arbdan Namangan va To’raqo’rg’on tumanlari bilan chegaradosh. Namangan shahri viloyatning markazi hisoblanib, umumiy maydoni 101,5 kv.km bo’lib, shundan 1,57 kv.km ekin maydoni, 23,27 kv.km uy-joy fondi,  2,34 kv.km daraxtzorlar, 1,52 kv.km yaylov, 0,13 kv.km o’rmon, 62,24 kv.km yo’l, ariq va boshqa yerlarni tashkil qiladi. Shahar aholisi 2011 yilning 1 yanvar holatiga 451,0 ming kishiga yetgan. Hozirgi kunda shaharda 81 ta mahalla fuqarolar yig’ini bo’lib, ularda 105 504 ta xonadon hamda 116 905 ta oila istiqomat qiladi. Shaharda 20  dan  ortiq  millat vakillari yashaydi. Aholining 95,9 foizini o’zbeklar tashkil etadi. Aholining zichligi 1 kv. kilometrga 5433 kishi to’g’ri keladi.

Tarixchi va adabiyotshunos olim Ahmad Ubaydulloning ta’kidlashicha, Namangan X asrda ham shahar sifatida mavjud va mashhur bo’lgan. Albatta, bu mavzu chuqur ilmiy tadqiqotlarni taqozo etadi. Yoki sayohatchilardan birining yozishicha, Farg’ona vodiysida bundan 2000 yil oldin ham 70 ta katta-kichik shaharlar, qishloqlar bo’lgan. Ana shular qatorida Namangan shahri ham bo’lganligiga shubha yo’q. Eramizdan oldingi  IV-II asrlarda Farg’ona vodiysi, shu jumladan, Namangan shahri ham O’rta Osiyoda eng yirik shaharlardan biri bo’lgan. Aholisi asosan dehqonchilik, sholikorlik, g’alla, paxtachilik bilan shug’ullangan. Xo’jaligida uzumchilik, chorvachilik ham muhim o’rinni egallagan. Ichki va tashqi savdo kengayib, boshqa mamlakatlar bilan o’zaro aloqalar kuchayib borgan. Natijada shaharsozlik, hunarmandchilik rivojlangan. 1620 yilda kuchli zilzila oqibatida Axsikent vayron bo’lgan. Omon qolgan kishilar hozirgi Namanganga ko’chib kela boshlagan. Asta-sekin Namangan shahriga asos solingan. Bundan xulosa shuki, Namangan shahri qadimgi Axsikentning vorisi deyish mumkin. Namangan shahrining rivojlanishida 1818-1821 yilda qurilgan Yangiariqning ahamiyati juda katta bo’lgan. Ariq qazishda har bir hovlidan bir kishidan vakil ishtirok etgan. Kanal 3 yilda bitib, undan suv oqa boshlagan. Bu paytda o’zining hunarmandlari, naqqoshlari, to’quvchilari, temirchilari, bo’yoqchilari, zargarlari hamda kosiblari bilan nainki O’rta Osiyoda, balki Ovro’paning bir qancha mamlakatlarida Namangan nom qozongan. Bog’dorchilik, pillachilik rivojlangan. Buyuk ipak yo’lida joylashganligi uchun Namangan savdogarlari Buxoro, Xitoy singari mamlakatlarga mahsulotlarini olib borganlar, o’z navbatida u yerlardan aholi ehtiyoji uchun zarur bo’lgan turli buyumlarni olib kelganlar. Savdo-sotiqning rivojlanishi natijasida  madaniy aloqalar ham mustahkamlangan. 1912 yilda Namanganni Qo’qon bilan bog’lovchi temir yo’l ishga tushirildi. Namangan Turkiston o’lkasining sanoat markaziga aylangan. Maorif va tibbiyot sohasi ham rivojlangan. Maktab va madrasalar soni jihatidan Namangan uezdi birinchi o’rinda bo’lgan. Shuningdek, shaharda ko’plab tarixiy me’morlik obidalari va ziyoratgohlar bor. Mulla Qirg’iz madrasasi, Ota Valixon To’ra va SHayx Isxoq Eshon masjidlari, Mulla Bozor Oxund maqbarasi, Xo’ja Amin maqbarasi, O’n bir Axmad kabi ziyoratgohlari hozirda ham diqqtga sazovor qadamjolar sifatida e’tiborda saqlanadi. Sharqning mashhur otashnafas shoiri Boborahim Mashrabning Vatani ham Namangan hisoblanadi. Mashrab ijodi va adabiy merosiga e’tibor ayniqsa mustaqillik yillarida yuqori bo’ldi. Jumladan, mustaqillikning dastlabki yillarida otashnafas shoir Boborahim Mashrabning ustozi Mulla Bozor Oxund maqbarasi bunyod etildi. SHuningdek, 50 gektar yerda Mashrab nomidagi madaniyat va istirohat bog’iga asos solindi. Bundan tashqari bu so’lim go’shada otashnafas shoir Abu Rashid Axsikatiy, Nodim Namongoniy, Usmon Nosir, Rafiq Mo’min singari erk va ozodlik kuychilari yashab o’tganlaryu El sevgan san’atkorlar, Mukarrama Azizova, Sobir Rahmonov, Muhriddin Mansurov, Habiba Oxunova, Kamoliddin Rahimovlar ham Namanganning atoqli farzandlaridir. Namangan - gullar shahri. Bu yerda 50 yildirki, an’anaviy gul bayrami o’tkazib kelinmoqda. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, Namanganda ham barcha sohalarda katta o’zgarishlar yuz berdi. Birinchi navbatda shaharni obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish, ko’chalarni kengaytirish, yangi-yangi bino, inshootlar qurishga alohida e’tibor qaratildi. Mustaqillik yillarida shahardagi yo’llarni keng va ravon qilish borasida ham katta hajmdagi ishlar bajarildi. Jumladan, «Do’stlik», Oxunboboev, Marg’ilon, Navoiy, A.Temur, Oromgoh ko’chalari kengaytirildi. Viloyatning havo darvozasi bo’lgan Aeroport binosini qayta kapital ta’mirlash, jahon andozalariga mos ravishda qayta qurish ishlari bajarildi. Namangan aeroporti hatto eng yirik «Boing» rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega.