Ommaviy axborot vositalarida avvalroq xabar berilganidek, Ishoqxon Ibratning nasl-nasabi Ahmad Yassaviyga tutash ekanligi ma’lum. Mullakuding qishlog‘ida (Namangan tumani) ko‘hna qabriston hududidagi Chillaxona ayvonida turgan ulkan qabrtosh bitiklari ham buni isbotlaydi. Qabriston ziyorati haqidagi hadisi sharif bilan boshlanuvchi arabiy yozuvlarning mazmuni shunday: «Bu qabr yaxshi xislatlar va odatlar hamda karomatlar egasi, yetuk va komil Shayx Ne’matulloh Xoja Eshon Turkistoniynikidir. U kishi hijriy 1251 (milodiy  1835) yilda vafot etdilar. U kishidan so‘ng Sunnatulloh Xoja Eshon hijriy 1267 (milodiy  1851) yilda qazo qildilar. Bular Hazrat Sulton Xoja Ahmad Yassaviy avlodlaridandirlar, ularga Allohning rahmati bo‘lsin. Bulardan boshqa yana Ne’matulloh Xoja avlodlaridan bo‘lgan Sunnatulloh Xojaning  o‘g‘illari Atoulloh Xoja Eshon bordir. Ul kishi hijriy 1323 (milodiy  1905) yilda vafot etdilar».

 

Xullas,  Chillaxona maqbarasining yonidagi temir panjara bilan o‘ralgan qabrlarga Ibratning ota tomondan katta bobosi Ne’matulloh xoja, bobosi Sunnatulloh xoja  va ukasi Atoulloh xoja (1865–1905) dafn etilgan. Bu joyda yana bir qabr bo‘lib, uni Ishoqxon Ibratning ramziy qabri ekanligi haqida farazlar bor. Ahmad Yassaviyning ukasi Sadr xoja avlodlaridan bo‘lgan Ne’matulloh xoja Turkistondan Namangan zaminiga XVIII asrning ikkinchi yarmida kelib, joylashib qolgan.

 

Aytilishicha, bu ulkan toshni Ibrat 1905-1935 yillar oralig‘ida Olabuqa tarafdan (Qirg‘iziston) olib kelgan. Hozirgi kunda toshdagi yozuvlarning bir qismi ko‘chib, ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Shu paytgacha mavhum bo‘lib kelgan mazkur toshning hajmi va og‘irligiga yaqinda aniqlik kiritdik. U 270 kilogramm tosh bosdi. Bo‘yi – 140 santimetr, eni uch xil: pasti – 70, o‘rtasi – 45, yuqorisi  – 50 santimetr.

Mazkur qabristonda Ibratning ukasi Atoulloh to‘raning ikki qizi Hurinisixon (1896-1961) va Hurinidoxonlar (1905-1986) hamda Ibratning nevarasi Rashodxon to‘ra (1933-2003) ham mangu qo‘nim topishgan. Hurinisixonning turmush o‘rtog‘i, Ibratning to‘ng‘ich o‘g‘li Abbosxon to‘ra 1937 yili surgun qilinib, bedarak ketgan.

 

Xayrullo Abbosov  ana shu Abbosxon to‘raning zurriyodi Rashodxon to‘raning kenja farzandi bo‘lib, u qadamjoning sarishtaligini saqlab turmaganida, bu aziz joylar allaqachon qarovsiz holga kelib qolgan bo‘lar edi. Ajdodlariga ehtirom ko‘rsatishni o‘z burchi deb bilgan Xayrullo  Abbosov kabi yurtdoshlarimizning savobli ishlari barchamizga ibratdir.

 

Rasulbek UMMATOV.