Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
Chop etish

Joriy yilning iyul oyida Koreya Respublikasi texnoparklari uyushmasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida qator shartlashuvlar imzolanishiga erishilgan edi. Oktyabrning 21-26-kunlari  Janubiy Koreyaning Tegu shahrida nishonlangan  Koreya texnoparklarining 20 yilligi xalqaro konferensiyasi ana shu shartlashuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ulkan ahamiyat kasb etgan nufuzli xalqaro tadbirda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan, shuningdek, Koreya modeli asosida texnoparklar tashkil etgan Tayvan,  Indoneziya, Vetnam, Efiopiyadan ham mehmonlar qatnashdilar.

 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Koreya texnoparklari uyushmasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat mahalliy bozorda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ekotizimlar startapini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli strategik hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha taraflarning o‘zaro rejalarini aks ettiradi. Koreyalik hamkorlarning texnologik tajribasi g‘oyalarni yuzaga keltiradigan, ularni ishlaydigan, tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlarga aylantiradigan maydoncha va O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish uchun poydevor bo‘ladigan IT-infratuzilmasining universal ob’ektini yaratishga imkon beradi. Texnopark tuzilmasida tadqiqot laboratoriyalar, R&D-markazlar, kovorking markazlari hamda innovatsion ekotizimning boshqa tarkibiy qismlari bo‘lishi nazarda tutilgan.

Xalqaro konferensiyada O‘zbekistondan to‘qqiz, xususan, viloyatimizdan ikki vakil ishtirok etdik.

Konferensiya a’lo darajada tashkil etilgani bilan ham e’tiborimizni tortdi. Dasturlar jadvali garchi juda zich joylashgan bo‘lsa-da qisqa fursatlarda ko‘zlangan maqsadlarga erishildi. Tadbir taassurotlari va xulosalari yurtimizda ham istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdek ezgu niyatlar sari yo‘l ochdi. Ichki imkoniyatlardan unumli foydalanish, bilim va tajriba almashish barobarida ilg‘or texnologiyalarni yurtimizda amaliyotga tadbiq etish sari dadil qadamlar tashlanadi.

Hamkorlik doirasida viloyatimizda ham 4 ta texnopark tashkil etiladigan bo‘ldi: Namangan IT texnoparki, Namangan tekstiltexnoparki, Chortoq agro va kosmetika texnoparki, Kosonsoy tibbiyot texnoparki.

Shuningdek, viloyatimizda texnoparklarning tashkil etilishi bilan aholini biznes bo‘yicha qiziqishlari va bilimlarini oshirish, har bir tumanda innovatsion biznes markazlari tashkil etish va zamonaviy biznes tashkil qilishga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu bilan viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari bilan texnoparklar, professor va tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlik rishtalari bog‘lanadi. 

Chortoq tumanida urug‘chilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashgan agro texnopark tashkil etish bo‘yicha Kyonbuk texnoparki va Chonbuk texnoparki bilan aloqa bog‘landi. Tashrifning yana bir natijasi sifatida Koreya issiqxonalari bilan tanishganimizni aytish mumkin. Chortoq tumanida qulupnay yetishtirmoqchi bo‘lgan investor 200 gektardan ziyod qulupnay issiqxonasiga ega  va tadbirkorning alohida ko‘chatchilik laboratoriyasi ham bor ekan. Investor bilan qulupnay, qovun, tarvuz va boshqa sabzavotlar ko‘chatchiligi uchun laboratoriya tashkil etishga kelishdik. Yurtimizning tabiiy iqlim sharoiti, tuprog‘ining unumdorligi kattadan-katta imkoniyatlarini yuzaga chiqara oladi. Tibbiyot va kosmetika borasidagi hamkorlik ham soha rivojiga xizmat qiladi.

Viloyat hokimligi tashabbuslarimiz, istiqbolli loyihalarning amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratib berayotganini alohida e’tirof etish kerak. Yaqin yillar ichida bunyod etilajak texnoparklar viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirib, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlarimizning erkin faoliyat olib borishlari, xorij investitsiyalarini kiritish imkoniyatlarini yaratadi. Elyor Yuldashev, Chortoq tumani hokimining o‘rinbosari.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech