Chop etish

Namanganda boshlangʻich narxi 1 soʻm boʻlgan 15 ta davlat mulki obyektlari sotuvga chiqarildi.

 

Joriy yilning 11 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi 5552-son Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, endilikda, savdolarga chiqarilgan davlat mulki obyektlari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida aniqlangan koʻchmas mulk obyektlari investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda - 1 soʻmga teng qiymatdagi boshlangʻich narxda sotilishi belgilandi.

Shuningdek, boshqa koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha – qayta baholanmasdan, ularni oʻtkazish kunidagi savdolarda shakllangan narxda "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasiga oʻtkaziladi va savdoga chiqariladi.

Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun auksion oʻtkazmasdan, investor bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali investitsiyaviy hamda ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda yer uchastkalarini berish va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini belgilagan holda sotib olish imkoniyati ham tugʻildi.

Unga koʻra, tegishli davlat idoralari tomonidan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha eksperiment tartibi belgilandi.

Eksperiment tartibi bilan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalari "E-IJRO AUKSION" yagona elektron savdo maydonchasida tanlov ishtirokchisining investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlari inobatga olingan holda sotiladi.

"Elektron onlayn-auksion savdolarni tashkil etish markazi" DUK tomonidan tashkillashtirilayotgan elektron onlayn-auksion savdolariga Respublikaning tuman va shahar xokimliklari tomonidan 2968 ta boʻsh yer uchastkalari, 723 mlrd. 123 mln. 404 ming soʻm investitsiya kiritish, 10476 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan 8 mlrd. 527 mln.500 ming soʻm miqdordagi mol-mulklar auksion savdolariga chiqarildi.

Bugungi kunga qadar "E-IJRO AUKSION" elektron onlayn-auksion savdolarida 1190 ta boʻsh yer uchastkalari 356 mlrd. 105 mln. soʻm investitsiya kiritish, 5152 dan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan 11 mlrd. 698 mln 300 ming soʻmga sotildi.

Hozirda "E-IJRO AUKSION" elektron onlayn-auksion savdolarida 1778 ta boʻsh yer uchastkalari 6 mlrd. 505 mln. 700 ming soʻm miqdordagi auksion savdolariga chiqarildi.

- Namangan viloyatining Davlat raqobat boshqarmasi tomonidan 15 ta boʻsh turgan davlat mulki obyektlari boshlangʻich bahosi 1 soʻm miqdorida, 154 yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda 4 mlrd. 850 mln. soʻmlik investitsiya kiritish sharti bilan sotuvga chikarildi.

Bugungi kunga qadar "E-IJRO AUKSION" elektron onlayn-auksion savdolarida 60 ta boʻsh turgan davlat mulki obyektlari 599 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda 19 mlrd. 948 mln. soʻm investitsiya kiritish sharti bilan 8 mlrd. 689 mln. 60 soʻm miqdorga sotildi.

Tadbirkor va investorlar oʻzlariga maʼqul boʻlgan yer uchastkalarini hamda boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini onlayn-auksion savdolarida qatnashib sotib olish imkoniyatlari mavjud.

Auksiondagi ishtirokingiz yurt ravnaqi hamda biznеsingiz taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshadi