2018 yil 7 dekabr kuni Namanganda “Yoshlar markazi”ning katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma olti yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning ilg‘orlari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayev tantanali marosim ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yigirma olti yilligi bilan qizg‘in muborakbod etib, o‘tgan bir yilda viloyatda erishilgan natijalar va galdagi sharafli vazifalarni qayd etdi.

 

Viloyat adliya boshqarmasining boshlig‘i Xayrullo Sabirov Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida ma’ruza qildi. Marosimda Prezidentimizning 2017 yil 13 iyuldagi “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 27 nafar  mahalla fuqrolar yig‘ini faoliga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, tadbirda davlatimiz rahbari farmoni bilan O‘zbeksiton Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan bir gurux yurtdoshimizga fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi.

 

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari A. Umarov so‘zga chiqdi. Viloyat teatri va madaniyat muassasalari badiiy jamoalari ishtirokidagi katta bayram konserti barchaga xushnudlik ulashdi.

Axborot xizmati