Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Janubiy Koreya Respublikasining Chungcheongbuk-do provinsiyasi gubernatorining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Jang Myungsoo boshchiligidagi delegatsiya Namanganga tashrif buyurdi. Mehmonlar Pop temir yo‘l vokzalida o‘zbekona mehmondo‘stlik udumlariga binoan karnay-surnay sadolari ostida tantanali kutib olindi.

Koreyalik hamkorlarning tashrifi munosabati bilan viloyat hokimligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Darhaqiqat, Janubiy Koreya O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biri. Namangan viloyatida ham ikki mamlakat hamkorligidagi qator qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Uchrashuvda koreyalik mehmonlar ham o‘z provinsiyalari to‘g‘risida ma’lumot berdilar. Chungcheongbuk-do sanoati, elektronika, mashinasozlik, farmatsevtika, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi, tabiiy qazilmalari rivojlangan hudud. Yirik xalqaro aeroportga ega. Shu bois Namangan xalqaro aeroporti bilan samolyotlar qatnovini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqdilar. Bu – Farg‘ona vodiysidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini amalga oshirish va turizmni rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.

Har ikki taraf tomonidan yana qator yo‘nalishlardagi hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Chungcheongbuk-do provinsiyasi gubernatorining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Jang Myungsooning ta’kidlashicha, delegatsiya a’zolari Namanganga yengil sanoat, qurilish materiallari, farmatsevtika va sanoatning yana boshqa turlari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni  amalga oshirish uchun maslahatlashgani kelganlar. Yaqin oylarda Koreyada ham, Namanganda ham  tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazib, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishga kirishiladi va bu hech shubhasiz  ikki taraf uchun ham manfaat keltiradi. Janubiy Koreya delegatsiyasi vakillari Namangan xalqaro aeroportida ham bo‘lib, aviatsiyaning imkoniyatlari, yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

 

Namangan viloyati hokimligi Matbuot xizmati.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech