Gollandiya Respublikasining Moskvadagi elchixonasining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Myuvs Brauer boshchiligidagi delegatsiya Namanganga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolarini viloyat hokimi Xayrullo Bozarov qabul qildi.

 

Samimiy suhbat davomida qishloq xo‘jaligi sohasi, jumladan, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, issiqxonalar tashkil qilish, gulchilikni rivojlantirish, poliz mahsulotlari etishtirish, ularni qayta ishlash kabi bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish  masalalari muhokama etildi.

Gollandiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha dunyo davlatlari ichida Amerikadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish borasida jadal ishlar olib borilayotgani, lekin hozirda zamonaviy texnologiyalar va investitsiyaga ehtiyoj borligi aytib o‘tildi.

Mazkur muloqot kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan katta ishlarni, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni ro‘yobga chiqarishning debochasi bo‘ldi. Shu yil 14-15 mart kunlari Gollandiyaning 50 ga yaqin etakchi kompaniyalari ishtirokida Namanganda biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mehmonlar “Gulchilikni rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi faoliyati va viloyatimizning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishtirildi.

 

Hokimlik Matbuot xizmati