Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida har kim oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega ekanligi, 36-moddasida har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli ekanligi belgilangan.

Albatta, Konstitutsiyamiz asosida qabul qilingan qonunlar va qonun osti hujjatlarida ham fuqarolarning mulk huquqlari daxlsiz ekanligi, ular qonun bilan himoya qilinishi mustahkamlab qoʻyilgan.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2012 yil 24 sentyabrdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir. Shuningdek, mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina oʻz mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin.

Biroq, savol tugʻiladi, fuqaroda mulk mavjud boʻlsa-da, unga nisbatan mulk huquqi, ularda egalik qilayotgan turar-joylariga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar mavjud boʻlmasa-chi?

Bunday holat fuqarolarga dastlab bu turar-joyning oʻzboshimchalik bilan qurilgan deb topilishi hamda unda yashayotgan fuqarolar hisobidan buzdirilishi kabi anchagina muammolarni keltirib chiqarishi tabiiy. Prezidentimizning 2018 yil 20 aprelda qabul qilingan “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Farmoni yurtdoshlarimiz hayotidagi bunday noxush holatlarning oldini olish, fuqarolarning mulk huquqlarini amalda taʼminlashda muhim hujjat boʻldi.

Maʼlumki, fuqarolarning qonunchilikda meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joy qurish huquqi kafolatlangan.

Shu bilan bir qatorda, farmonda keltirilishicha yer tuzish va kadastr organlari tomonidan oʻtkazilgan respublika koʻchmas mulk fondining yalpi hatlovi yakka tartibda uy-joy qurish sohasida, ayniqsa qishloq joylarida qonuniylikni taʼminlash masalalarida tizimli xatolar va jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligini koʻrsatdi.

Xususan, uy-joyga ega boʻlish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud boʻlishiga qaramasdan minglab fuqarolar koʻp yillar davomida oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda
uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan.

Fuqarolarga yer uchastkalarini uy-joy qurish uchun muayyan toʻlov evaziga noqonuniy berish yuzasidan fermer va dehqon hoʻjaliklarining til biriktirishi boʻyicha koʻplab holatlar mavjud. Natijada, ushbu muammo butun respublika boʻyicha ommaviy tus oldi va uy-joy uchun zarur hujjatlarning mavjud emasligi aholida boshqa ijtimoiy muammolarning kelib chiqishiga, xususan haqiqatda yashab turgan joyga propiska qilinishi, mulk huquqiga ega boʻlish va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keldi.

Fuqarolarning uy-joy mulkiga kadastr hujjatlarini berishni soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga
5 mingdan ortiq, deputatlar, senatorlar, davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabullarda 3 mingdan ziyod murojaatlari kelib tushganligining oʻziyoq mazkur sohadagi muammolarning nechogʻlik dolzarb ekanligini koʻrsatdi.

Yuqoridagi farmon va farmon ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-sonli qarori bilan 2019 yil 1 mayga qadar mamlakatimizda fuqarolarning oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi eʼlon qilindi.

Mazkur aksiya fuqarolarimiz uchun juda katta imkoniyatlarni yaratib berdi desak toʻgʻri boʻladi. Xususan, statistikaga eʼtibor beradigan boʻlsak, oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra birgina viloyatimizda jami 67 ming 262 ta oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat mavjud boʻlib, hozirgi kunda qarorga muvofiq davlat xizmatlari markazlariga jami 42 ming 144 ta ariza kelib tushgan.

Biroq, bir narsaga eʼtibor berish kerakki, 1 mayga, yaʼni farmonda belgilangan muhlat tugashiga ham ikki oydan kam vaqt qoldi. Lekin bu muammoga dahldor fuqarolarning endigina 60 foizigina ariza bilan murojaat qilgan. Murojaat qilganlarining ayrimlari aksiya doirasida belgilangan pul mablagʻlarini ham toʻlamagan.

Ayniqsa, aholi oʻrtasida “mazkur aksiya 1 maydan keyin ham davom etadi” yoki “ aksiyaning muddati yana uzaytiriladi” qabilidagi asossiz mish-mishlar tarqatilayotgani ishi esa bu boradagi ishlarni yanada sustlashishiga sabab boʻlmoqda.

Haqiqatda, aksiya muddati uzaytiriladimi? Keling, bu savolga huquqiy jihatdan javob berib koʻrsak.

Birinchidan, ushbu aksiya muddati farmon va qarorda aniq belgilab qoʻyilgan boʻlib, uni uzaytirish yuzasidan amalda hali hech qanday
normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmadi.

Ikkinchidan, joriy yilning 4 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Jumladan, qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks “Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida murojaat etmaslik” mazmunidagi 681-modda bilan toʻldirildi.

Ushbu moddaga asosan, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida murojaat etmaslik uchun fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, mazkur qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kirishi belgilab qoʻyildi.

Bundan koʻrinib turibdiki, bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati uzaytirilmaydi, balki uning oʻrniga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida murojaat etmaslik uchun tegishli maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllaniladi.

Shunga koʻra, turli mish-mishlarga ishonayotgan hamyurtlarimiz Prezidentimiz tomonidan berilgan ushbu imkoniyatdan oʻz vaqtida foydalanib qolishi maqsadga muvofiq. Zero, oʻtayotgan har bir kun turar-joyingizga boʻlgan mulk huquqingiz yoʻqolib borishiga sabab boʻlayotganini unutmaslik kerak.

Ulugʻbek ISMATILLAYEV

Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech