Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasida “Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzuida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat prokuraturasining “Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash” bo‘limi boshlig‘i Yoqubjon Jamolov, boshqarmada ishlovchi yoshlarning ota-onalari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Dastlab viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Tillavoldiyev avvalo, oila intizomi – jamiyat va davlat intizomining sarchashmasi ekanligi, oilada intizom tuyg‘usi shakllangan kishi davlat va jamiyat ishida ham shu tuyg‘u sohibi sifatida xizmat qilishini, qonunlarga chap berishni hayoliga ham keltirmasligi, bunday intizom va tartib esa butun xalq va millatning sharafiga aylanishini bildirdi.

Shundan so‘ng viloyat prokuraturasining “Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash” bo‘limi boshlig‘i Yoqubjon Jamolov korrupsiya jamiyatda nosog‘lom muhitni, salbiy illatlarni yuzaga keltirishi, ijtimoiy adolatga rahna solib, fuqarolarda davlat organlariga ishonchsizlik kayfiyati kuchayishiga olib kelishi, shuningdek, jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur etkazishi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtirishi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib kelishini ta’kidladi.

- Farzandim ikki yildan buyon mana shu dargohda ishlayapti. Albatta, bu mening baxtim va bundan fahrlanaman. Bugungi uchrashuv davomida o‘g‘limning ish joyi, hamkasblari bilan yaqindan tanishib, soha xodimlarining zimmasiga o‘ta mas’uliyatli va sharafli vazifalar yuklanganiga yana bir karra ishonch hosil qildim, - dedi Venera Umarova. – Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi jamiyatimizga yot illatlarga qarshi tizim xodimlari bilan birgalikda bizni ham elkadosh bo‘lib kurashishga chorlaydi. Chunki, oila tinchligi, farzandlarning baxtu iqboli har bir ota-ona uchun birinchi galdagi vazifadir.

Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish, ayniqsa, iqtisodiyot qon tomiri bo‘lgan soliq sohasida yanada muhimligi, halollik, mehnatsevarlik, xalq bilan muloqot har bir soliq xodimining kundalik faoliyatini asosiy mezoniga aylanishi lozimligi uqtirildi. Shuningdek, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha bildirilgan fikr-mulohazalardan tegishli xulosa chiqargan holda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

 

Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik
bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘basi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech