Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Viloyat hokimligining katta majlislar zalida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi o‘ttiz yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosarlari, hokimlikning guruh va kotibiyatlari rahbarlari, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari boshliqlari, siyosiy partiyalar hamda masalaga daxldor tashkilotlar mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

 

Viloyat kengashi deputatlari dastlab hududlarni kompleks rivojlantirishga mas’ul sektorlar rahbarlarining, mahalliy byudjetga tushumlarning to‘liqligini ta’minlash bo‘yicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha mutasaddilarning, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida
2018 yil 5 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektorda belgilangan byudjet daromadlari bazasini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, investitsiya loyihalari ijrosiga oid masalalar natijadorligi bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosarlari va boshqalarning hisoblarini eshitdilar. Har uch masala bo‘yicha viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 oktyabrdagi PF-5199-sonli Farmonining ijrosi hamda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarni tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturining 2019 yil birinchi choragi yakunlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi raisi Azizbek Abdusalomov hisob berdi.

 

«2020 yil Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlikning ahvoli haqida»gi masala muhokamasi, ayniqsa, e’tirozli o‘tdi. Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shokirjon Qoraboyev hisoboti doirasida qator savollar yuzaga keldi. Jumladan, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik talab darajasida emasligi, vakillarimizni ham moddiy, ham ruhiy qo‘llab-quvvatlaydigan biriktirilgan homiylar e’tiborsizligi tanqid qilindi, e’tirozlar bildirildi. Qolgan oz muddatda bu borada keskin o‘zgarishlar qilish zarurligi uqtirildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining «Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2019 yil 13 maydagi qarori ijrosini ta’minlash to‘g‘risida»gi masala atroflicha tahlil asnosida ko‘rib chiqildi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Otaxo‘jayev sharhida erishilgan natijalar bilan bir qatorda  kamchiliklar, tumanlar, mahallalar kesimida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar bayon qilib berildi.

 

Deputatlar viloyat saylov komissiyasi raisi Shokirjon Mirazahmedovning o‘rni bo‘shab qolgan saylov okruglarida shu yil 24 mart kuni o‘tkazilgan saylov yakuni haqidagi axborotini eshitib, 4-Umrzaqov hamda 33-Isoq cho‘yan saylov okruglaridan saylangan deputatlar – Zafar Doniyorovich Arslonov va Muhayyo Abdulboqievna G‘afforovalarning vakolatlarini e’tirof etdilar.

 

Viloyat kengashi sessiyasida viloyat hokimining sessiyalar oralig‘ida qabul qilgan qarorlarini tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.

 

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech