Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami viloyatimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Ko‘chalar va maydonlar bayramga bag‘ishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatildi. Bayram tadbirlarida ko‘plab yurtdoshlarimiz bevosita ishtirok etishdi. Urush yillarining qo‘shiq va kuylari, o‘sha paytdagi harbiy texnikalar namoyishi, harbiylarning shaxdam qadam bosishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

Viloyat markazidagi Xotira xiyoboni viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik  vakillari bilan gavjum bo‘ldi. Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushida hamda xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga sukut saqlandi. Motamsaro ona haykali poyi gullarga burkandi. Yig‘ilganlar xiyobondagi “Xotira kitobi”ni varaqlab, o‘tganlar xotirasini yod etishdi. E’tiborlisi, bayram arafasida Afg‘onistonda yigitlik burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan 70 nafar o‘g‘lonlar hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan 29 nafar harbiy xizmatchilar maydondagi “Xotira kitobi”ga kiritilib, ularning ham pok nomlari abadiylashtirildi.  Urush yillarini eslatuvchi maxsus dekoratsiya, qurolli kuchlar hamda urush davrida foydalanilgan buyumlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

 

Bu yil ham qutlug‘ an’ana davom ettirilib, Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

 

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlar biriktirilib, doimiy ravishda patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda.

 

Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylarining 12 nafari Toshkent shahridagi asosiy marosimlarda qatnashib kelishgani bugungi dorilomon kunlarimizga munosib hissa qo‘shgan nuroniylarga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

 

Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 79 ming nafar namanganliklarning 24 ming nafari janggohlarda halok bo‘lgan. Ularning  pok ruhlari qalblarimizda mangu yashaydi. Bugungi kunda viloyatimizda 48 nafar urush qatnashchilari va nogironlari hamda 2162 nafar mehnat fronti faxriylari o‘z yaqinlari, elimiz ardog‘ida, davlatimiz g‘amxo‘rligida e’zozu ehtiromda umrguzaronlik qilmoqda.

 

Bayram tadbiri “Shodiyona” tantanalar majmuasida ezgu tilaklar izhori, konsert dasturi namoyishi bilan davom etdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylarini, baynalminalchi jangchilarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Urush faxriylariga viloyat hokimligining bayram sovg‘alari topshirildi. Barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari ulashildi.

 

Axborot xizmati

 

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech