Yangiqo‘rg‘on tumanida yillik ishlab chiqarish quvvati 1,5 million tonna bo‘lgan yangi yirik sement zavodiga tamal toshi qo‘yildi.

 

Mahalliy “Bunyodkor Mahsudbek Fayz” fermer xo‘jaligi hamda Xitoyning “Hebei Yijia Cheng Trading Co. LTD” hamkorligida tashkil etilgan “Namangan Jinmingyang building materials” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan barpo etiladigan ushbu zavodga tamal toshi qo‘yish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, xitoylik investorlar hamda mutaxassislar, mahalliy va respublika OAV jurnalistlari ishtirok etdilar.

 

Tantanali tadbirning ochilishida so‘nggi ikki-uch yil ichida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasida dunyo O‘zbekistonni qaytadan tanigani ta’kidlanib, Namangan viloyatining kun sayin, yil sayin xorijiy investitsiya uchun jozibador hududga aylanib borayotgani qayd etildi.

 

2017 yilda viloyatga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 7,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgandi. 2018 yilda 74 million dollar investitsiya kirib keldi. Bu yil uchun 108 million dollar xorijiy sarmoya jalb etish rejalashtirilgandi, ammo 2019 yilning dastlabki olti oyida viloyatga 125 million dollar hajmda investitsiya kirib keldi, yil oxiriga qadar bu raqamni 400 million dollarga etkazish rejalashtirilgan.

 

Viloyatda faoliyat olib borayotgan xorijiy kompaniyalar soni hozirda 200 tadan ortib ketdi, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 83 tani tashkil etgandi. Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar sonining 31 taga etganini mamnuniyat bilan tilga olish mumkin.

Ushbu loyiha O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlarining ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni yuksaltirish yo‘lidagi say’-harakatlarining natijasini ekanini qayd etildi.

40 gektar maydonda insho etiladigan yangi sement zavodi loyihasining umumiy qiymati 105 million AQSH dollariga teng bo‘lib, shundan 90 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy investitsiyasidir, loyihaning qolgan qismi esa mahalliy hamkor tomonidan moliyalashtiriladi.

 

Qurilish ishlari 2020 yil to‘rtinchi choragida yakunlanadi. Zamonaviy Xitoy texnologiyalari bilan jihozlanadigan yangi zavodning ishga tushishi bilan 700 ta ish o‘rni yaratiladi.

“Namangan Jinmingyang building materials” sement zavodiga tamal toshi qo‘yilishi bilan, Namangan viloyatida barpo etilayotgan sement ishlab chiqarish korxonalari soni beshtaga etdi. Hozirda viloyatning Kosonsoy tumanida loyiha quvvati yillik 250 ming tonna, Pop tumanida quvvati yillik 500 ming tonna, Chust tumanida quvvati yillik 250 ming tonna hamda Yangiqo‘rg‘on tumanida quvvati yillik 200 ming tonna bo‘lgan sement zavodlari qurilishi jadal sur’atlar bilan davom etmoqda.