Namangan shahar hokimligi, tadbirkor-ishbilarmon doiralar va Namangan muhandislik-texnologiya instituti vakillaridan iborat delegatsiyaning Pokistonga amaliy tashrifi doirasida Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Pokiston milliy yengil sanoat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

- Ikki tomonlama izolangan bitimimizga muvofiq, oliygohimizda Pokistonning tekstil markazi hisoblanadigan Faysalobod shahridagi ushbu universitet bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlarini jahon standartlari darajasida sinovdan o‘tkazish va sertifikatsiyalash laboratoriyasi tashkil etiladi. Ikkala oliy ta’lim muassasalarining pedagoglar va talabalarining o‘zaro tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yamiz, - deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov.

 

Shuningdek, ikki oliygoh o‘rtasida qo‘shma o‘quv dasturlari, ilmiy tadqiqot loyihalarini ishlab chiqishga hamda yilning oxiriga qadar Namanganga Pokistonning xalqaro ta’lim sohasida yetakchi o‘rinlarda turadigan universitetining delegatsiyasi safarini uyushtirishga kelishib olindi.