Chop etish

27 sentyabr kuni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Tailandning Pattaya shahrida bo‘lib o‘tgan kattalar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan Adhamjon Ergashevni qabul qildi.

Xayrullo Bozorov, sportchini jahon chempionatida erishgan natijasi bilan qutlab, bu pirovard maqsad – Tokio-2020 Olimpiadasi oltin medallari yo‘lidagi navbatdagi qadam ekanini, Namangan viloyatining Adhamjonga ishonchi katta ekanini qayd etdi. Adhamjon Ergashevga viloyat hokimining yirik pul mukofoti ham topshirildi.

Jahon chempionatida 67 kg vaznda ishtirok etgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida ko‘p karra jahon chempioni, yangiqo‘rg‘onlik atlet Adhamjon Ergashev dast ko‘tarishda 146 kg natija bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, siltab ko‘tarishda 182 kg natija ko‘rsatib, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Adhamjon, bronza medali bilan birga Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun qimmatli ochkolarni ham qo‘lga kiritdi.

Adhamjon Ergashev Tailandda bo‘lib o‘tgan musobaqada ko‘rsatgan natijasi bilan kattalar o‘rtasida jahon chempionati sovrindori bo‘lish birga, o‘z yosh toifasida 7 ta jahon rekordini ham yangiladi.

 

 “Olimpiadada g‘oliblikni qo‘lga kiritish juda katta natija bo‘ladi. Xalqaro maydonda O‘zbekiston bayrog‘i yuqori ko‘tariladi. Bundan tashqari, minglab yoshlarimizda havas uyg‘onadi, sportga kirib kelishadi, chempionlar ortidan ergashishadi” deb ta’kidladi viloyat hokimi.

 

Adhamjon Ergashev, “Xudo xohlasa Tokiodan Olimpiada oltin medali bilan qaytib, menga bildirilayotgan ishonch va umidlarni to‘la oqlayman” deb viloyat hokimiga qabul uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

 

Uchrashuvda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i SHokirjon Qoraboev ham ishtirok etdi.