Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan yirik loyiha — “Hyundai” tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodini qurish jarayoni jadallashtiriladi. Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda loyihada ishtirok etayotgan Janubiy Koreya kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida 24 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan amaliy uchrashuvda bu borada qo‘shimcha investitsion shartnoma imzolandi.

 

Shartnomaga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, “Hyundai Motor” kompaniyasi tijoriy avtomobillar bo‘linmasi vitse-prezidenti Lim Xyon Yung, “Hyundai Corporation” kompaniyasi tijoriy avtomobillar va temir yo‘llar bo‘yicha bosh direktori Pak Yong Xvan hamda “Evergreen Motors” kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Ik Don imzo chekdilar.

Imzolangan hujjatga ko‘ra, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududidan joy oladigan “Hyundai” tijorat avtomobillari ishlab chiqarish qo‘shma korxonasiga loyihani amalga oshirish jarayonida hamda kelgusi faoliyatida EIZ ishtirokchilariga berilgan soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar tatbiq etiladi. 2019 yil yakuniga qadar loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining maxsus qarori ham qabul qilinadi.

Shartnomada shuningdek, “Hyundai” tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodidan ilk mahsulotning chiqishi 2020 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshishi belgilab olindi.

Namangan viloyatida “Hyundai” tijorat avtomobillari ishlab chiqarish zavodi qurish loyihasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar natijasida amalga oshirilmoqda.

 “Hyundai” tijorat avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari bilan investitsion shartnoma 2018 yil 17 noyabr kuni Namangan viloyati hokimligida imzolangandi.

 Ushbu zavod qurib bitkazilgach,  yiliga 2500 ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar hamda avtobuslar ishlab chiqariladi. Zavod to‘la ishga tushganda, mingdan ziyod ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech