Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, 7 noyabr kuni Germaniyaning taniqli “Hugo Boss” kompaniyasi vakillarini qabul qildi.

 

 

Yillik uch milliard dollardan ziyod aylanmaga ega bo‘lgan “Hugo Boss” kompaniyasi mutasaddilari Konstantin Soer hamda Semih Demir viloyat hokimi bilan bo‘lgan uchrashuvda viloyatdagi tekstil kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu brend ostidagi kostyumlarning Namanganda tikishga boshlanayotganini ma’lum qilishdi.

“Hugo Boss” kompaniyasi avval Namanganni, Namangan orqali esa O‘zbekistonni tanidi” desak mubolag‘a bo‘lmaydi” dedi Hugo Boss kompaniyasi vakili Semih Demir. “Viloyatdagi korxonalar tomonidan tikilgan kostyumlarning sifati bizni juda hayratlantirdi. ”

 

Namangan viloyatidagi tekstil sohasining jadal rivojlanib borayotgani qayd etgan Xayrullo Bozorov, birgina Namangan shahrining o‘zidan bir yarim mingdan ziyod tikuvchilik korxonalari faoliyat olib borayotganini, paxtachilikning bu 85 foizi klasterlarga o‘tkazilganini, kelgusi yildan bu raqam yuz foizga etishinini ta’kidladi. Hozirgi kunga qadar asosiy eksport MDH mamlakatlari bozoriga yo‘naltirilganini aytib o‘tgan viloyat hokimi, so‘nggi yillarda yangi bozorlar ham kashf etilayotganini, “Chust tekstil” korxonasi Portugaliya va AQSHga, “Iftixor kiyim sanoat” esa Germaniya bozoriga kirib borganini ma’lum qildi. “Hugo Boss” kabi dunyo brendi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz, viloyat tekstil sanoatini yangi bosqichga olib chiqadi” dedi Xayrullo Bozorov.

 

Uchrashuvda so‘nggi uch yil ichida amalga oshirilayotgan islohotlarning iqtisodiyot va tashqi savdo rivojiga qo‘shayotgan hissasi ham alohida qayd etildi. Semih Demir o‘zining ko‘p yillardan beri O‘zbekistonga kelib ketishini aytib, “Mamlakatingizda bo‘layotgan o‘zgarishlar aeroportdanoq seziladi. Hozir O‘zbekistonda aeroportda bojxona va chegara tekshiruvidan o‘tib tashqariga chiqish Istanbuldan ham oson bo‘lib qoldi” dedi.

 

O‘zbekistonda majburiy mehnatga to‘la barham berilishi natijasida o‘zbek paxtasidan tikilgan mahsulotlarga jahon bozorida keng yo‘l berilgani, mashhur brendlarning O‘zbekiston bilan hamkorlikka intilayotgani ham uchrashuvda ta’kidlab o‘tildi.

 

Uchrashuvda Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzaqov ham ishtirok etdi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech