7 noyabr kuni viloyat hokimligida Germaniyaning taniqli “Hugo Boss” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda Namanganda ushbu marka ostidagi kostyumlar tikishga boshlanishi xabar qilingandi.

“Hugo Boss” kompaniyasi o‘ziga viloyatdagi ko‘plab tekstil korxonalari orasidan hamkor sifatida tanlab olgan “Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yo‘nalishda o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun yangi ishlab chiqarish liniyasini ham ishga tushirishi ma’lum bo‘ldi.

“Vakkoni” markasi ostida ishlab chiqarayotgan liboslari bilan keng tanilgan “Lyuks plyus servis” MCHJ tomonidan ishga tushiriladigan yangi liniya loyihasining umumiy qiymati 10 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Korxonaning 5 million dollar o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan birinchi bosqichning o‘zida 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotlar “Hugo Boss” orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga, shuningdek Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinadi.

“Hugo Boss” kompaniyasi vakili Semih Demir viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Biz bilan hamkorlik istagida bo‘lgan viloyatning bir nechta tekstil korxonasi o‘z kostyumlari namunalarini jo‘natishdi. “Hugo Boss” kompaniyasi talablariga to‘la mos kelgani uchun “Lyuks plyus servis” MCHJ namunalari bizga ma’qul bo‘ldi” deb ta’kidladi.