Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 28 fevral va 1 mart kunlari Namangan viloyatiga qilgan tashriflari davomida shahar va tumanlar markazlari qiyofasini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha alohida topshiriqlariga ko‘ra ishlab chiqilgan “Obod markaz” dasturi asosida viloyatning ko‘plab tumanlari markazlari qatori Kosonsoy shahrida ham qisqa muddatda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

 

 

2200 yillik tarixga ega Kosonsoy shahri o‘z tarixida bir necha bor renessans davrini boshdan kechirgan bo‘lsa, bugungi “Obod markaz” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida obodlikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Obod markaz” dasturi ijrosi doirasida Kosonsoyda 31 ta ob’ektda yangi qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, jami 89,78 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Bu ishlarga “Obod markaz” dasturi mablag‘lari hisobidan 33,8 mlrd. so‘m, korxona, tashkilot hamda tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan 35,4 mlrd. so‘m, bank kredit mablag‘lari hisobidan 13,2 mlrd. so‘m, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 7,38 mlrd. so‘m yo‘naltirildi.

 

Bajarilgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘linsa, tuman markazini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida, “Obod markaz” mablag‘lari hisobidan jami 4.4 km toza ichimlik suvi hamda 2.1 km. oqava suv tarmoqlari tortilib, bunga 8,7 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada, tumandagi 4200 ta xonadonda yashovchi 19,6 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Ko‘p yillardan beri tumanda xalqni qiynab kelayotgan muammolardan biri avtomobil yo‘llarining sifati edi. “Obod markaz” dasturi doirasida 3,4 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanib, 19 kilometrga yaqin avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi va piyodalar yo‘lagi tashkil etildi. Yo‘l chetlariga tejamkor yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

 

Respublikada o‘xshashi yo‘q bu dastur asosida olib borilgan ishlar natijasida Milliy madaniyat markazi, tumandagi 5 ta kasb-hunar kollej ma’muriy binolari, 2 ta kasb-hunar kollejlarning sport zallari, tuman Davlat soliq inspeksiyasi binosi, tuman prokuratura binosi, 1 ta kinoteatr binosi mukammal ta’mirlandi.

Kosonsoy sohili bo‘yida 1,5 km uzunlikda barpo etilgan Yashil xiyobon va velosiped yo‘lakchasi Kosonsoyga o‘ziga xos Yevropa shahri ko‘rinishini berdi. Viloyatimizning eng so‘lim bog‘laridan biri bo‘lgan Kosonsoy istirohat bog‘i, 2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan qayta rekonstruksiya qilinib, yanada jozibador go‘shaga aylandi.

 

Ona Vatan himoyasi uchun aziz jonini fido qilgan yurtdoshlarimiz pok nomini abadiylashtirish, jumladan ikki mingdan ziyod ikkinchi jahon urushidan qaytmagan mard kosonsoyliklarga ehtirom ramzi sifatida qisqa muddatda 1 milliard so‘m sarflanib, Xotira maydoni qurib bitkazildi hamda maydonda Motamsaro ona haykali qad rostladi.

Shuningdek, Kosonsoy tumani markazida bank krediti va tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan 5 ta yangi savdo va maishiy xizmat shaxobchalari qurildi hamda 96 ta mavjud ob’ekt ta’mirlandi. Tuman markazidagi 6 ta ko‘p qavatli uylar ta’mirdan chiqarildi.

 

Muxtasar qilib aytganda, “Obod markaz” dasturi doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorliklar natijasida zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan Kosonsoy shahrida aholining ijtimoiy sharoitlari yanada yaxshilanib, hayot sifati oshishi shubhasiz.