Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Xitoyning Suchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan 4-Xalqaro “Milliy iqtisodiy va texnologik zonalarni yashil rivojlantirish forumi”da ishtirok etmoqda.

 

 

14-16 noyabr sanalarida bo‘lib o‘tayotgan ushbu xalqaro forum doirasidagi panel sessiyalarda Xitoy sanoat zonalarida ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar bo‘yicha keng muhokama va fikr almashinuvi o‘tkazilmoqda.

Forum ishtirokchilari dunyoning eng yirik sanoat parklaridan biri bo‘lgan Suchjou sanoat parkida amalga oshirilgan loyihalarni borib ko‘rishadi. So‘nggi 25 yil ichida ushbu sanoat parkining tashqi savdo hajmi 1 trillion AQSH dollaridan ziyod bo‘lgani, bu yerda mavjud loyihalarning ko‘lamini hamda muvaffaqiyatini ko‘rsatib beradi. 1994 yilda Xitoy va Singapur hamkorligida tashkil etilgan Suchjou sanoat parkida 5 mingdan ziyod xorijiy kompaniyalar ham faoliyat olib boradi.

 

Osiyo taraqqiyot bankining maxsus taklifi bilan Forumda ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Baxtiyor Saidov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri birinchi o‘rinbosari Alisher Abdualiyev, AT «Aloqabank» boshqaruv raisi Kammuna Irisbekova va boshqa rasmiylar o‘rin olishgan.

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 14 iyunda Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammitida tashkilotga a’zo mamlakatlarda zamonaviy resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida SHHTning "Yashil belbog‘" dasturini joriy etish tashabbusi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan investitsion texnologik loyihalarda asosiy dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.