Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Ural davlat tibbiyot universiteti va Namangan davlat universiteti birinchi kurs talabalari viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Sverdlovsk viloyati gubernatori Yevgeniy Kuyvashev huzurida bo‘lajak shifokorlar Gippokrat qasamini qabul qildilar.

 

Ural va Namangan oliygohlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi qaror 2019 yil yanvarida qabul qilingandi. Ko‘p o‘tmay sentyabr oyida Namanganda ikki universitet qo‘shma fakulteti ish boshladi. Joriy o‘quv yilida UDTUga 105 ta o‘zbekistonlik talabalar qabul qilindi. Ular davolash ishi, pediatriya, stomatologiya, farmatsevtika yo‘nalishlari bo‘yicha bilim oladilar.

Talabalar bilan uchrashuvda so‘z olgan Xayrullo Bozorov bugungi kunda viloyatimizda Rossiya oliygohlari bilan hamkorlikda beshta qo‘shma fakultet ishlayotganini ta’kidlab o‘tdi.

 

“Qo‘shma fakultet Namangan oliy ta’limi tarixida yangi sahifa ochdi. Biz ilk bora tibbiyot sohasida mutaxassislar tayyorlay boshlaymiz Bugungi kunda viloyatimizda jadal rivojlanib borayotgan tibbiyot sohasida zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislarga katta talab bor”, – dedi viloyat hokimi.

“Bugun Sverdlovsk va Namangan viloyatlari yanada yaqinlashdi, bir-biriga qiziqish ortdi. Bu nafaqat sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, balki, ijtimoiy sohalar – madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlashdagi hamkorlik tufayli yuzaga keldi. Aynan sog‘liqni saqlash sohasiga e’tibor shu boiski, bunda insonlarning hayoti sifatini yaxshilash masalasi kabi muhim masala turibdi. Bugungi kunda kadrlar tayyorlash borasida sohaga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda, yangi metodikalar qo‘llanilmoqda”, – dedi Yevgeniy Kuyvashev.

Namanganning Sverdlovsk viloyati bilan tibbiyot sohasidagi hamkorligi birgalikda mutaxassislar tayyorlash bilan cheklanib qolmaydi. Urallik tibbiy texnika ishlab chiqaruvchilarining oktyabr oyidagi yurtimizga tashrifi chog‘ida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan aniq kelishuvlarga erishildi. Endi tibbiy sug‘urta va teletibbiyotni joriy etish borasida ham hamkorlik qilinadi. Reproduktiv texnologiyalarni joriy etish borasidagi Sverdlovsk viloyati tajribasini Namanganda qo‘llash masalasi ham bugungi kunda istiqbolli reja hisoblanadi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech