Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati gubernatori Yevgeniy Kuyvashev boshchiligidagi delegatsiyaning kecha yakunlangan Namangan viloyatiga tashrifi Uychi tumani uchun ham sermahsul bo‘ldi.

Sverdlovsk viloyati Sisert shahri meri Dmitriy Niskovskix 25-26 noyabr kunlari Uychiga tashrif buyurdi hamda bir qator iqtisodiy va ijtimoiy ob’ektlar bilan tanishdi.

Ural vakillari “Asadbek dizayn grupp” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mebel mahsulotlariga yuqori baho berishdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayniqsa, issiqxonalarda etishtirilayotgan pomidor, bodring va ko‘katlar, qishki qovun va tarvuzlar, sarxil mevalar rossiyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Dmitriy Niskovskix “Obod markaz” dasturi doirasida Uychi shaharchasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. YAngi ta’mirdan chiqqan tuman madaniyat markazi va unda faoliyat ko‘rsatayotgan turli to‘garaklarning samarali ishlashi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

 

Uchrashuvlar yakunida Uychi tumani hokimi Muhammadayubxo‘ja Apaqov hamda Sisert shahri meri Dmitriy Niskovskix ikki hudud o‘rtasida doimiy iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga asos soluvchi Hamkorlik bitimiga imzo chekdilar.

 

Bitimga asosan, Sisert shahrida Namangan mahsulotlari Savdo uyi, milliy choyxona va bozor kompleksi qurish hamda viloyatimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishga, ikki tomonlama turizm va tibbiy xizmatlarni rivojlantirib borishga kelishib olindi.

 

Sverdlovsk hamda Namangan viloyati ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘tkazilgan forum doirasida Namangan shahrida joylashgan “Pahlavon” sport majmuidagi viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasida Uychi tumanidan “Nafis charm” MCHJ teri mahsulotlari hamda “Mashad tikuv teks” MCHJ erkaklar qishki kiyimlari bilan ishtirok etishdi.

 

Ikki viloyat ishbilarmon doiralari ishtirokida bo‘lib o‘tgan B2B muzokaralarda Uychi tumanidan qatnashgan tadbirkorlar ham Sverdlovsk viloyati biznes sub’ektlari bilan hamkorlik bo‘yicha bir qator investitsion va eksport kelishuvlariga erishishdi.