Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov, 29 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Namanganga kelgan Hindiston Respublikasining “Uzind Healthcare Private Limited” kompaniyasi raisi Gaurav Gupta va “Precise Chemipharma Private Limited” kompaniyasining ishlab chiqarish bo‘yicha vitse-prezidenti Manojkumar Dumal boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Namangan viloyati hamda Hindistonning har ikki kompaniyasi o‘rtasida tibbiyotning barcha sohalari xususan, tibbiy diagnostika, dori-darmon ishlab chiqarish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

“Hindiston – jadallik bilan rivojlanib borayotgan salohiyatli davlat. Sizlarning tibbiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kosmosni tadqiq qilish borasida erishayotgan yutuqlaringiz e’tirofga sazovor. O‘zaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun biz har qanday yordamni ko‘rsatamiz. Hindiston va O‘zbekiston aloqalari bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, Bu rishtalar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Bizning Axsikentda tavallud topgan Boburning nabirasi dunyoning etti mo‘‘jizalaridan biri hisoblanadigan “Toj Mahal”ni barpo etgan”, - dedi Ayubxon Kamalov.

 

O‘z navbatida “Uzind Healthcare Private Limited” kompaniyasining boshqaruv direktori Raju Svami yaratib berilayotgan sharoitlar uchun viloyat hokimligiga o‘z tashakkurini izhor etdi.

“Ayni paytda biz uchta loyiha bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz. Uchqo‘rg‘onning Qayqi qishlog‘ida bizga zamonaviy klinika bunyod etish uchun tayyor bino ajratilgan. Dekabr oyidan boshlab binoni moslashtirish va jihozlash ishlarini boshlaymiz. Rejaga ko‘ra 2020 yil martidan klinika aholiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. “Kosonsoy-Farm” EIZda esa ikki aloyhida loyiha asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqaruvchi zavod quramiz. Bitta loyiha to‘lig‘icha Hindiston investitsiyasi evaziga ishga tushirilsa, ikkinchisi mahalliy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshiriladi”, - dedi Raju Svami.

 

“Kosonsoy-Farm” EIZda investorlar uchun o‘ta qulay muhit yaratilgan. Bu ham amalga oshiriladigan loyihalarni tezroq hayotga tadbiq etilishiga xizmat qiladi” – qayd etdi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida o‘zaro tajriba almashish, hind shifokorlarining Namanganda muntazam qabullarini uyushtirish, o‘zbek bozoriga endi kirib kelayotgan “Precise Chemipharma Private Limited” kompaniyasi amalga oshirishni rejalashtirgan istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Hindistonlik investorlar 1 dekabrga qadar Namanganda bo‘lishadi va viloyatdagi tibbiyot muassasalari, “Kosonsoy-Farm” erkin iqtisodiy zonasi, YAngiqo‘rg‘on va Uchqo‘rg‘ondagi ob’ektlar faoliyati bilan yaqindan tanishishadi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech