Bugun Namangan shahridagi “Shodiyona” majmuasida bo‘lib o‘tgan katta bayram tadbirida  viloyat madaniyat va sa’nat sohasi vakillari bilan Yangi yil oldi bayram uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

O‘tayotgan yilda madaniyat va san’at sohasida erishgan natijalar haqida gapirganda, Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama teatrining faoliyatini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. 2019 yil yakuni bo‘yicha teatr tomonidan jami 289 ta spektakl namoyish etildi. Shundan,  68 tasi qishloq joylarda, 32 tasi bolalar va o‘smirlar, kam ta’minlangan oilalar uchun bepul namoyish etildi.

Teatr jamoasi sentyabr oyida Qirg‘izistonning O‘sh shahrida o‘tkazilgan “ART-ORDO” xalqaro teatr  festivalida ishtirok etib qaytishdi. Dekabr oyida esa Tojikistonning Xo‘jand viloyatida “Aziz” spektakli bilan ijodiy safarda bo‘lishdi.

Bu xorijiy safarlar Namangan madaniyat va san’atini keng targ‘ib qilishda o‘z hissasini qo‘shishi shubhasiz.

Yil davomida viloyatimizdagi 19 ta bolalar musiqa va san’at maktabidan jami 63 nafar o‘quvchimiz Respublika va Xalqaro ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallashgani barchamizni quvontiradi.

2019 yilda Rossiyaning Moskva, Sochi va Sankt-Peterburg shaharlari, Qirg‘izistonning Issiqko‘l, Belarusning Mogilyov shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro musiqa va san’at tanlovlarida viloyatimiz yosh iste’dodlari katta yutuqlarga erishib, qator Gran-pri mukofotlari bilan qaytishdi.

Shuningdek, mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Navro‘z sadolari" Xalqaro festivalida 15-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining "Navo" o‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri, may oyida yana Toshkentda o‘tkazilgan “Bolalar musiqa va san’at maktablari ansambllari”  Respublika ko‘rik–tanlovida 19-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabining Xoreografiya sinfi o‘quvchilari faxrli 1-o‘rinni egallashdi.

Bularning barchasi, Muhtaram Yurtboshimiz boshchiliklarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda madaniyat va san’at rivojiga alohida urg‘u berilayotganining mevasi desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Viloyatimiz madaniyati va san’atini yuksaltirish ishiga qo‘shgan munosib hissasi, yorqin iste’dodi va serqirra ijodi, samarali xizmatlari hamda 2019 yilda viloyat ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki uchun 20 nafardan ortiq soha vakillariga Tashakkurnoma hamda sovg‘alar topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Namangan viloyati musiqali drama teatri rejissyori Karimjon Yuldashevga esa Namangan shahridan xonadon ajratish Sertifikati taqdim etildi.

Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama teatriga moddiy-texnik bazasini kuchaytirish uchun 300 million so‘mlik sertifikat sovg‘a qilindi.