Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan shahar hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining 6-chaqiriqdagi ilk sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili sifatida Prezident maslahatchisi Rustam Sobirovich Qosimov ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibidan Viloyat saylov komissiyasi raisining axboroti, Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash, Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro‘yxatga olish, Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining doimiy komissiyalarini tuzish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash, Xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar Kengashi deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi a’zoligiga nomzodni tavsiya etish kabi masalalar o‘rin oldi.

VI chaqiriq xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashiga o‘tkazilgan saylov natijalari haqida viloyat saylov komissiyasi raisi Shokirjon Mirzaxmedov axborot berdi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizomi yuzasidan deputat Baxodir Karimov so‘zga chiqdi va deputatlarni yangilangan Reglament va nizom bilan batafsil tanishtirdi.

Reglament va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom bir ovozdan tasdiqlandi.

 

Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro‘yxatga olish masalasi ko‘rib chiqildi.

Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan saylangan 20 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan saylangan 5 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan 7 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan 19 nafar va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan 9 nafar deputatlardan iborat partiya guruhlari tasdiqlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha, Qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha, Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha, Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha, Sanoat, transport, qurilish, kommunal masalalari va aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya bo‘yicha va Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha komissiyalari tuzish taklifi hamda komissiyalarning raislari nomzodlari deputatlar tomonidan ma’qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan siyosiy partiyalar guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov so‘z olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga 6-Serob saylov okrugidan saylangan deputat Bozorov Xayrullo Xayitbayevichning nomzodini Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida Taqdimnoma kiritilganligini ma’lum qildi va uni o‘qib eshittirdi.

 

Ushbu masala bo‘yicha siyosiy partiyalar guruhlari nomidan deputatlarning fikr-mulohazalari bildirildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi guruhi nomidan Ikromxon Najmiddinov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi guruhi nomidan Musaxon Appakov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi nomidan Tursunboy Fayzullayev, O‘zbekiston demokratik partiyasi guruhi nomidan Dilshodxon Dadajanova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlik guruhi nomidan Abdulvoxid Iminov so‘z olib, Davlatimiz rahbari tomonidan viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etilgan Xayrullo Bozorov nomzodini yakdillik bilan qo‘llab–quvvatlashdi.

Bozorov Xayrullo Xayitbayevich Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputatlari tomonidan Namangan viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqlandi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi a’zoligiga ham ko‘rsatildi va deputatlar tomonidan yakdillik bilan tasdiqlandi.

 

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining VI chaqiriq birinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech