Namangan shahar hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili sifatida Prezident maslahatchisi Rustam Sobirovich Qosimov ishtirok etdi.

 

Sessiya kun tartibidan o‘rin olgan masalalar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan siyosiy partiyalar guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

 

Mazkur masala bo‘yicha Prezident maslahatchisi Rustam Qosimov so‘z olib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga 6-Serob saylov okrugidan saylangan deputat Bozorov Xayrullo Xayitbaevichning nomzodini Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida Taqdimnoma kiritilganligini ma’lum qildi va uni o‘qib eshittirdi.

Ushbu masala bo‘yicha siyosiy partiyalar guruhlari nomidan deputatlarning fikr-mulohazalari bildirildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi guruhi nomidan Ikromxon Najmiddinov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi guruhi nomidan Musaxon Appakov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi nomidan Tursunboy Fayzullayev, O‘zbekiston demokratik partiyasi guruhi nomidan Dilshodxon Dadajanova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlik guruhi nomidan Abdulvoxid Iminov so‘z olib, Xayrullo Bozorovning viloyat hokimi lavozimidagi faoliyati viloyat ahli tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlarning viloyatda amalga to‘g‘ri tadbiq etilayotganligi bois aholining turmush farovonligi oshib, xalqning davlatdan roziligi ta’minlanayotganini, Bozorovning odob-axloqi yuqoriligi, bosiqligi, xalq dardini tinglashga va ularga yechim topishga doim tayyorligini e’tirof etib, viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etilgan Bozarov Xayrullo Xayitbayevich nomzodini yakdillik bilan qo‘llab–quvvatlashdi.

Bozorov Xayrullo Xayitbayevich Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputatlari tomonidan Namangan viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqlandi.

Sessiyada so‘z olgan Xayrullo Bozorov, bildirilgan yuksak ishonch uchun Davlatimiz rahbariga hamda viloyat kengashi deputatlariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, bu ishonchni oqlash uchun viloyatning har sohada Respublika bo‘yicha yuqori natijalarga erishishi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishga davom etishini qayd etdi.