Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Viloyatimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan katta bayram tadbiri o‘tkazildi.

Namangan shahridagi Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali va drama teatrida o‘tkazilgan tantanali tadbir, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bayram tabrigini o‘qib eshittirish bilan boshlandi.

Viloyat hokimi, o‘z nomidan ham harbiylarni, ularning timsolida butun viloyatimiz ahlini Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etib, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani, aholini, avvalo, yoshlarni shunday ruhda tarbiyalash tizimini harbiylar bilan birgalikda shakllantirish, “Er yigit er yigitni tarbiyalaydi” tamoyilini hayotga tadbiq etish, armiyaning xalq bilan birdamligini ta’minlash Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilayotgan asosiy vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari Sobirjon Baybabaev, Milliy gvardiya, kuchishlatar tuzilmalarning viloyat boshqaruv organlari rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rahbarlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, davlat, jamoatchilik va yoshlar tashkilotlarining vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra “Jasorat” medali bilan taqdirlangan Bayrambek Munturganov va G‘olibjon Siddiqov, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan Iqboljon To‘xtasinov va “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan Abdug‘affor Haydarovga yuksak davlat mukofotlari viloyat hokimi tomonidan topshirildi.

Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhiga viloyat hokimining faxriy yorliqlari hamda sovg‘alari taqdim qilindi.

Vatan himoyachilari kuni tantanasi Namangan shahridagi “Shodiyona” majmuasida bayram dasturxoni hamda katta konsert dasturi bilan davom ettirildi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech