Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo‘limi va ma’muriy sud hamkorligida sayyor sud tashkil etildi. Unda voyaga etmagan farzandlari uchun alimentni to‘lashdan bo‘yin tovlagan  shaxslarga nisbatan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.

Farxod Kamoliddinov Namangan shahar, Dashtbog‘ mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Sobiq turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgani bois,  fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2017 yil 16 noyabr kunidagi buyrug‘i bilan undiruvchi Jamila Mamajanova foydasiga 1 nafar voyaga etmagan farzandi uchun aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati Byuroning Namangan shahar bo‘limi ish yurituviga olingan bo‘lib, qarzdorga alimentdan vaqtida to‘lab borish bo‘yicha tushuntirish berilgan. Biroq, bu ma’suliyatga panja orasidan qaragan F.Kamollidinovning berilgan ogohlantirishga qaramay aliment to‘lashni paysalga solib keladi va qarzdorlik 4,5 mln so‘mga borib etadi. Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, mazkur ijro hujjati mazmunan ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudga yuborildi. Aynan bugun bo‘lib o‘tgan sud majlisida fuqaro F.Kamollidinovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTK 471-moddasi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Namangan shahrining Alpomish mahallasida yashovchi Boymirzaev Tohir ham ma’suliyatini unutib qo‘ygan otalardan biri bo‘lib chiqdi. Bo‘lmasa, u uch nafar voyaga etmagan farzandi uchun moddiy ta’minotni o‘z vaqtida to‘lab borar edi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2012 yil 3 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra har oyda topgan barcha daromadidan belgilangan miqdorda aliment to‘lashi lozim edi. Ammo, davlat ijrochisining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay bu fuqaro ham sovuqqonlik bilan qarab, qarzdorligi anchayin ortib ketdi. Aynan bugun o‘tkazilgan sud davomida unga ham 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Umuman shu kuni 10 nafardan ortiq ma’suliyatini unutgan otalarga nisbatan ma’muriy sudning qarori bilan turli muddatlarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

O‘ylaymizki, ushbu otalar o‘zlariga xulosa qilishadi degan umiddamiz. Zero, o‘z farzandi kelajagi uchun befarq bo‘lishmasa kerak.

                                               MIB Namangan viloyat boshqarmasi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech