Majburiy ijro byurosi organlari oldida turgan muhim vazifalardan biri energiya resurslari, qattiq maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirilishi, elektr, tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-taroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish hamda oldini olish, shuningdek sud hujjatlarining ijrosini ta’minlashdan iborat. Ana shundan kelib chiqqan holda Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan 2019 yilda qanday ishlar amalga oshirildi?

Eng avvalo, ta’kidlash joizki, 2019 yilda ham Byuroning viloyat, shahar va tumanlardagi faoliyati, birinchi navbatda energiya resurslari, tabiiy gaz sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, debitor qarzdorlikni keskin qisqartirish, iste’molchilarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishdan iborat bo‘ldi. Buning natijasida o‘tgan yilda undiruv 2018 yilga nisbatan 569 mlrd. 814,3 mln. so‘mga ortdi. YA’ni, 921.706 nafar iste’molchilardan 1 trln. 442 mlrd. 62,4 mln. so‘m pul mablag‘lari undirildi. Energiya resurslari uchun to‘lovlarning undirilishini ta’minlash borasida Byuroning qonun doirasidagi vakolatlaridan foydalangan holda 2019 yilda energiya resurslari va suv ta’minotidan bo‘lgan 284 mlrd. 668 mln. so‘mlik qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan 790 mingdan ortiq talabnomalar yuborilgan. Berilgan talabnomalarga asosan, elektr energiyasiga 583.267 nafar iste’molchilardan 139 mlrd. 612 mln. so‘m, tabiiy gazga esa 149.126 nafaridan 123 mlrd. 807 mln. so‘m, ichimlik suvi uchun 31.720 nafar ist’emolchidan 6 mlrd. 223 mln. so‘m qarzdorlik undirilgan. Albatta, bu raqamlar ortida tizim xodimlarining fidoyi mehnati turibdi. Ayniqsa, turli huquqbuzarlikni aniqlash, o‘zboshimchaliklarga yo‘l qo‘ymaslik, tezkor choralar ishlab chiqish va amalga oshirish zarur. Keling, shu o‘rinda aniq misollarga e’tibor qarataylik:
Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi tezkor xodimlari energiya resurslari va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan ulanib olib, foydalanayotganlarni fosh etmoqdalar. Jumladan,

Namangan shahar “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Gulchilikni rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olingani aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida ta’minotchi korxonalarga etkazilgan zarar salkam 124 million so‘mni tashkil etdi. Korxona rahbari O.J ushbu noqonuniy harakati bilan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 185–2-moddasi 3 qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan bo‘lsa-da, qilgan ishidan pushaymonligi, etkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf etganligini inobatga olindi. Unga nisbatan ayblilik masalasini hal qilmay turib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etildi.

Mingbuloq tumanidagi “Ingichka” mahalla fuqarolar yig‘inida ko‘rik davomida Ilg‘or ko‘chasida yashovchi A. A xonadonida elektr hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulanib olgani aniqlangan. “Hech kim bilmaydi” qabilida ish tutgan xonadon sohiblari uyning tom qismidan yashirin ravishda hisoblagichdan tashqari tarmoqdan foydalanayotgani ayon bo‘ldi. Xonadon egalariga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirilib, etkazilgan zarar hisob-kitob qilinganda salkam 39 mln. so‘mni tashkil etdi. Bu singari misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Umuman olganda, 2019 yil davomida 2077 nafar iste’molchi energiya resurslari tarmoqlaridan noqonuniy foydalangani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan qo‘pol qonun buzilish bo‘yicha 8 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, etkazilgan zararlarni to‘liq qoplanganligi uchun 69 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

213.316 ta ijro hujjatlari tamomlandi

Byuroning viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan sud organlari va boshqa organlarning ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida ham tizimli chora-tadbirlar ko‘rib kelindi. Xususan, 2019 yil davomida davlat foydasiga 300,5 mlrd so‘mlik 157.528 ta, soliq qarzdorligi bilan bog‘liq 11.034 ta 197.3 mlrd so‘mlik va jinoiy va ma’muriy jarimalarni undirish bilan bog‘liq 104.384 ta 27,1 mlrd. so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi to‘liq ta’minlanib, amalda tamomlandi.

Masalan, Byuroning Namangan shahar bo‘limi ish yurituvida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 5 avgustdagiijro varaqasiga asosan qarzdor Namangan dori-darmon aksionerlik jamiyatidan “Uzmedimpeks” davlat unitar korxonasi foydasiga 125.890.440 so‘m undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Namangan shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilib, tomonlarga yuborilgan.

Davlat ijrochisi tomonidan qarzdor xo‘jalik sub’ektining hisob raqamlariga band solingan va inkasso topshiriqnomasi yuborilgan. SHundan so‘ng qarzdorlik to‘liq undirildi va ijro hujjati tamomlandi.

To‘lov madaniyati qanday shakllantirilmoqda?

Kundalik turmushda birinchi navbatda zarur bo‘lgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida mablag‘ni to‘lab borish fuqarolarning majburiyatidir. Bu qonunlarimizda, tegishli me’yoriy hujjatlarda o‘z aksini topgan. Qonun-qoidani bilmaslik esa hech kimni javobgarlikdan ozod qilmaydi. Ana shu oddiy haqiqatni har bir iste’molchi ongiga singdirib borish maqsadga muvofiq. Majburiy ijro byurosi bu borada ham aniq tizimli ishlarni olib bormoqda. Axir, darvozasidan qarzni so‘rab kirgan odamga hamma ham shundog‘icha pul berib yuboravermaydi. Uni o‘z vaqtida undirish uchun fuqarolar o‘rtasida yaxshigina tushuntirish ishlarini olib borish, to‘lov madaniyatini shakllantirish lozim.

Shundan kelib chiqqan holda Byuroda bunga alohida yondashilmoqda. Ya’ni, to‘lov madaniyati past darajada shakllangan mahalla fuqarolar yig‘inlarida iste’molchilarning to‘lov intizomiga rioya etishi va huquqiy madaniyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019 yil davomida aholi o‘rtasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, tarmoqlarga noqonuniy ulanishni oldini olish borasida Majburiy ijro byurosi shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan tanlab olingan 213 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida 406 marotaba targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilgan.

Joriy yilda ham aynan ushbu amaliyotdan kelib chiqqan holda to‘lov madaniyati past shakllangan 142 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari tanlab olinib, hozirda targ‘ibot tadbirlari boshlab yuborildi.

Kam ta’minlangan oilalarning qarzdorligini bartaraf etishga ko‘maklashilmoqda

E’tiborga molik yana bir muhim masala: Byuro faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarda kam ta’minlangan oilalar uchun imtiyoz yoki alohida tartib belgilanmagan. Ammo, Byuro xodimlari tomonidan bu jarayonga insonparvarlik tamoyili bilan yondashib kelinmoqda. Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylari davomida shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan 136 nafar kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarning salkam 63 mln. so‘m qarzdorliklari bevosita hududda yashovchi tadbirkorlar, saxovatpesha kishilar yordami bilan to‘lab berildi.

Masalan, Uchqo‘rg‘on tumanining SHoldirama mahallasida yashovchi Xolisxon Valievaning elektr energiyasidan 350 ming so‘m qarzdorligi bor edi. Hududga biriktirilgan davlat inspektorining mahalla faollari bilan olib borgan hamkorligi samara berib, ushbu oilaning qarzdorligi to‘lab berildi. YOki shu tumanning Qozoqovul mahallasida istiqomat qiluvchi Sohibovlar xonadonining ham elektr energiyasidan bo‘lgan 520 ming so‘m qarzdorliklari homiylar yordamida to‘lab berildi.

Har bir murojaat e’tiborda

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida boshqarma, shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan murojaatlarni hal etishga alohida e’tibor qaratilgan. SHu bilan bir qatorda boshqarma rahbariyati tomonidan muntazam ravishda shahar va tumanlarda sayyor qabullar o‘tkazilib, aholining sohaga oid muammolari, murojaatlari eshitib borilmoqda. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak: 2019 yil yanvar-dekabr oylarida jami 13.645 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, 12.382 tasi yoki 91 foizi bevosita boshqarma va uning quyi tizimlarida hal etildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Byuroning viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan belgilangan vazifalarni ijrosi izchillik bilan olib borilmoqda.

Dilmurod Umaraliev,

MIB Namangan viloyat boshqarmasi boshlig‘i.