Joriy yilning 5 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati hokimligi xodimining fuqaro bilan telefon orqali muloqot chog‘ida odob-axloqqa zid bo‘lgan so‘kinish holati yozilgan audioyozuv tarqaldi.

Viloyat hokimligi tomonidan mazkur holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Audiyozuvda qayd etilgan yozuvning viloyat hokimligi xodimiga tegishli bo‘lgani aniqlandi.

Viloyat hokimligi xodimi tomonidan yozilgan tushuntirish xatidan ma’lum bo‘lishicha, uni mazkur leksikaga majburlagan sub’ektiv holatlar mavjud bo‘lgan. Biroq hech qanday sabab, davlat xizmatchisiga o‘z xizmat vazifasini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarmasligiga hamda fuqarolar bilan muloqot chog‘ida umume’tirof etilgan axloq qoidalariga zid bo‘lgan so‘zlardan foydalanishga asos bo‘la olmasligi qayd etiladi hamda viloyat hokimligi xodimining ushbu hatti-harakati keskin qoralanadi.

Viloyat hokimligi tomonidan ushbu xodimga nisbatan intizomga xilof nojo‘ya harakat sodir etilganlik fakti bo‘yicha hayfsan qo‘llash to‘g‘risida buyruq chiqarildi hamda bunday holatning takrorlanishi mehnat shartnomasini bekor qilinishiga olib kelishi yuzasidan ogohlantirish berildi.