Namangan shahridagi “Hidoya” o‘rta maxsus Islom bilim yurtida viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Jamoliddin Aloydinovning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuv avvalida talabalar tomonidan tayyorlangan xattotlik san’ati namunalari va kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishildi.

Yoshlar bilan uchrashuvda diniy sohada yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, bu soha mutaxassislarini har tomonlama yetuk bo‘lib etishishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z bordi.

Uchrashuv juda qizg‘in mulohazalarga boy tarzda o‘tdi. Bilim dargohining uchinchi kurs talabasi Nazrullo Akramjonov yoshlarda odob va axloq tamoyillarining shakllanishida islom dinining tutgan o‘rni beqiyosligini ta’kidlab, zero, islom dini odob va axloq tushunchasi ostida yoshlarni har tomonlama tarbiya qilishga katta ahamiyat qaratishini aytib o‘tdi. SHu jihatdan olib qaraganda, maktab va kollejlarda tahsil olayotgan yoshlar o‘rtasida tengdoshga-tengdosh tamoyili asosida o‘zaro suhbatlarni tashkil etish taklifini o‘rtaga tashladi. Bu taklif ma’qullanib, uchrashuvlar rejasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

 

Abduvahob Abdurashidov esa yoshlar tarbiyasida, bilim olishida kitobxonlikning o‘rni haqida so‘z olib, nafaqat viloyat markazida, balki tuman markazlarida ham “book-cafe”lar ochilishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o‘tdi.

Bilim yurti talabalarining ommaviy axborot vositalari bilan olib borayotgan hamkorliklari samarasiga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Ijodkor talabalar viloyat televideniesi orqali turli dolzarb mavzularda davra suhbatlarida ishtirok etib keladilar. Oyatullo Safaraliev ham televideniening tarbiyadagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tib, viloyat televideniesida maxsus ko‘rsatuv tashkil etish masalasida yordam so‘radi.

Hokim o‘rinbosari Jamoliddin Aloydinov bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, teleloyiha har tomonlama pishiq va puxta, mazmunli bo‘lishi lozimligini, undagi mavzular rang barangligiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab, bu borada o‘zining maslahatlarini berdi.

 

Bunday uchrashuvlar doimiy o‘tkazib borilishiga, talabalar o‘z taklif va mulohazalarini doimiy ravishda viloyat hokimligiga yuborib turishlariga kelishib olindi.

Ushbu bilim dargohi yurtimizda o‘ziga hos mavqega ega bo‘lib, bu yerdan 172 nafar talaba Qur’oni karim tajvidi, tafsir, hadis, fiqh, aqoid, arab tili grammatikasi, islom tarixi, muhovara kabi mutaxassislik fanlari, shuningdek, ona tili, fizika, matematika, informatika, ingliz va rus tillari, kimyo, biologiya, ma’naviyat asoslari singari umumta’lim fanlaridan yetuk mutaxassis bo‘lgan 28 nafar mudarris–o‘qituvchilardan ta’lim olishmoqda.

Bu e’tiborning natijasi o‘laroq bilim yurti talabalari xorij davlatlarida o‘tkazilgan Qur’on musobaqalarida ham o‘z bilim va malakalarini muvaffaqiyatli namoyish etib kelishmoqda. Jumladan, Misr, Saudiya Arabistoni va Quvayt davlatlaridagi tanlovlarda ular yurtimiz sharafini munosib himoya qildilar.

O‘tgan yili bilim yurti uchun zamonaviy o‘quv binosi, sport zali va anjumanlar zali foydalanishga topshirildi. O‘quv binosida sinf xonalari zamon talablari darajasida jihozlandi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan axborot-resurs markazi, informatika, lingofon xonalari, anjumanlar zali o‘quvchilar ixtiyoriga berildi. Bu yaratilayotgan sharoitlar uchun talabalar o‘z tashakkurlarini bildirdilar.