Bugun Namangan shahridagi 3-kichik tuman, “Porloq” mahallasi hududida barpo etiladigan yangi kutubxona qurilishi boshlandi. Mahalla ahli, jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda dastlab Qur’on tilovati qilinib, davlatimiz ravnaqi, yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi, yangi ziyo maskani faoliyati borasida duoyi xayrlar qilindi.

 

6400 kvadrat metr maydonda qad rostlaydigan mazkur 4 qavatli kutubxonada bir paytning o‘zida 500 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatiladi. Uni barpo etish jarayonida eng zamonaviy qurilish materiallari ishlatiladi. bu yerda aholisi uchun zamonaviy ziyo maskani qad rostlashi kutilmoqda.

Kutubxona bir necha yuz ming kitobga mo‘ljallangan arxiv, o‘qish zallari, kompyuter xonalari, favvoralar, qahvaxona, bolalar maydonchasidan iborat bo‘ladi.

 

Bino qurilishi uchun 25 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, kutubxona shu yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.