Chop etish

Bugun barchamiz engil havoda og‘ir dard, har yutum nafasda havotir borligini, kimsasiz ko‘chalar, bo‘m-bo‘sh bog‘lar, bolalar yayrab o‘ynashi kerak bo‘lgan chog‘larda hadikli dunyo ko‘ndalang turganligini yaxshi anglamoqdamiz.

Bu ham aslida bir sinovdir, shu sinovlardan qanday o‘tib olish o‘zimizga qoldi. Mana yaqin bir oydirki, Koronavirus pandemiyasi yurtimizda. Biz bu haqda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali asosli va asossiz ma’lumotlardan, eng asosiysi yurtimizda yashin harakatlar bilan olib borilayotgan chora-tadbirlardan xabardormiz va davlat xizmatchisi sifatida ishtirok etyapmiz.

Karantin qoidalari va uning tartib-taomillari, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun qonunchiligimizda keskin javobgarliklar kuchaytirildi. Va bu haqda yurtdoshlarimizni doimiy ravishda habardor qilib bormoqdamiz.

Bugun har qachongidanda muhim bo‘lgan masalaga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Aholi sog‘ligini saqlash maqsadida qator cheklov choralari joriy etilayotgan bir vaqda Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 2020 yil 30 martdan 20 aprelga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida avtotransport vositalari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanishi mumkinligi belgilandi.

Xo‘sh bu nima uchun kerak? Birinchi navbatda xalqimizni yana bir bora uyda qolishga chaqirish bo‘lsa, ikkinchi navbatda hududlarda fuqarolar harakatini cheklash va bu orqali karantin sharotini saqlashdan iborat. Bir o‘ylab ko‘raylik, hozirgi sharoitda avtomobili yo‘q oilani uchratish mushkul, kerak bo‘lsa, ko‘p farzandli oilalarda ikki va undan ortiq avtomashinalar bor. SHu bilan bir qatorda yo‘lovchi tashuvchilar, aholi gavjum joylardagi tirbandliklar, bularning barchasi odamlarni to‘planishiga, ko‘cha-kuyda harakatlanishiga olib kelmaydimi?

Shu munosabat bilan, Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan ruxsatnoma ariza beruvchining tegishli avtotransport vositalariga viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida harakatlanish huquqini beradi.

Hududlarda fuqarolarning to‘planishini oldini olish maqsadida harakatlanish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnoma (stiker) olish uchun arizalarni masofadan turib, onlayn topshirish tizimi joriy etildi. Bundan ko‘zlangan birdan bir maqsad, fuqarolarimizning muhim zaruratsiz ko‘chaga chiqmasligini, ularning uyda qolishini ta’minlashdir.

Ariza beruvchi ruxsatnoma olish uchun YAgona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)da ro‘yxatdan o‘tadi va mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.

So‘rovnomaga ruxsatnoma olish uchun asos bo‘lgan hujjat nusxasi (litsenziyalanadigan faoliyat turi bo‘yicha litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat, xodimning mehnat daftarchasi va lavozimga tayinlanganligi to‘g‘risida buyruq, avtotransport vositasi ijara yoki ishonchnoma asosida foydalanilganda ijara shartnomasi yoki ishonchnoma) ilova qilinadi.

DXM ariza rasmiylashtirilgandan so‘ng 8 ish soati ichida QR-kod qo‘yilgan ruxsatnomani yoki ruxsatnoma berishni rad etish xabarnomasini shakllantirib, ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali xabardor qiladi.

Ariza beruvchi xabarnomani olgandan keyin 1 kun ichida DXMga ruxsatnomani olish uchun o‘zi kelib murojaat etadi.

Bunda, DXM tomonidan yuborilgan xabarnoma ariza beruvchining avtotransport vositasida DXMgacha harakatlanishiga asos hisoblanadi.

DXMga kelgan ariza beruvchiga muhr bosilgan ruxsatnoma va stiker ruxsatnomalar reestrida imzo qo‘ydirgan holda bepul taqdim etiladi.

Shunday bo‘lishiga qaramasdan, joriy yilning 31 mart kuni birgina Toshkent shahri DXMlarida 4500 dan ortiq, viloyatlarda esa 3200 ga yaqin fuqarolar tashrifi kuzatildi.

Ta’kidlash joizki, avtomashinada harakatlanish huquqini beruvchi ushbu maxsus ruxsatnomani qalbakilashtirish, uni sotish, qalbaki ekanligini bila turib undan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Ishonamizki, huquqiy madaniyat yuqori bo‘lgan davlatda, albatta intizom bo‘ladi va har qanday vaziyatda u g‘olib bo‘ladi.

Xurmatli hamshaharlar, biz siz uchun ishlayapmiz, Siz biz uchun uyda qoling, mutaxassislarning tavsiyalariga amal qiling, Sizu bizning xavfsizligimiz uchun karantin vaqtida o‘rnatilgan tartiblarni, vaqtinchalik cheklovlarni to‘g‘ri qabul qiling, iltimos. Bu bilan Siz jonajon O‘zbekistonimizda ushbu Pandemiyaning tarqalishini oldini olishga ulkan xissa qo‘shasiz, UYDA QOLING!!!

Xayrullo Sabirov, Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i.