Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Davlat rahbari Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Chortoq tumani Baland adir hududidagi issiqxonalar majmuasini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.

Prezident o‘tgan yili Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlash orqali doimiy daromad manbalariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish yuzasidan topshiriqlar  bergan edi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida viloyat hokimligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida “Bir joyda - ming oila issiqxonasi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

 

Baland adir dashtliklarida uzoq yillar davomida foydalanilmagan  36 gektar maydondagi har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona loyihasi “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati mas'uliyati cheklangan jamiyat hamkorligida amalga oshirilmoqda.

 

Umumiy qiymati 13 milliard so‘m bo‘lgan loyihaga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan 6,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari va tijorat banklarining 6,3 millard so‘mlik imtiyozli krediti yo‘naltirilmoqda.

 

Hozirgi kunda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish imkonini beradigan har biri 2 sotixdan bo‘lgan 800 ta issiqxona qurib egalariga topshirildi. Qolgan 200 tasi iyul' oyi oxirida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

 

 

 

Ushbu loyihaning afzalligi shundaki, “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida bir joyda eksportbop sifatli mahsulot yetishtiriladi, kambag‘al oilalar doimiy daromad manbalariga ega bo‘ladi va bandligi ta'minladi. Yana bir qulayligi - mahsulotni yetishtirishda ko‘chat, suv, mineral o‘g‘it hamda bozor ta'minoti yetakchi tadbirkor tomonidan kafolatlanadi.

 

Ayni paytda Chortoq tumanidagi 800 ta kambag‘al oila a'zolarining bandligi ta'minlandi. Prezidentga ushbu loyihaning afzalliklari va imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berildi.

 

2 sotixli issqxonada uch marta hosil yetishtirish imkoniyati bor. Xususan, bitta issiqxonada 700 tup pomidor ko‘chati ekilgan. Har bir tup ko‘chatdan o‘rtacha 4-5 kilogrammdan mahsulot olish mumkin. Bugungi kunda 1 kilogramm pomidorning o‘rtacha narxi 3 ming so‘mdan bo‘lganda, birinchi hosilning o‘zidan 7-8 million so‘m daromad olsa bo‘ladi.

 

Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan loyiha doirasida ushbu hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, kambag‘al oilalar a'zolarini qishloq xo‘jaligi kasblariga o‘qitish uchun Agrobiznes o‘quv mono markazi tashkil etildi. Ushbu maskanda limonchilik (issiqxona), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik kabi yo‘nalishlarda yiliga 2000 dan ortiq ishsizlar kasbga o‘qitiladi.

 

 

Bugungi kunda Chortoq tumanida 200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ishsizlar soni 7 mingdan ziyod. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta'minlashda tizimli ishlarni davom ettirish zarurligini ta'kidladi. Kamida o‘n mingta ish o‘rni yaratish lozimligi qayd etildi.

 

– Odamlarimiz islohotlar samarasini sezishi kerak, – dedi davlat rahbari. – Ularni rozi qiladigan tizim yaratishimiz lozim.

 

Shu yerda viloyatda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta'minlash, “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati tomonidan intensiv bog‘dorchilik (yong‘oq, bodom, olma va olcha)ni tashkil etish, chorvachilik va sutni qayta ishlash loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu loyihalarni amalga oshishi evaziga yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech