Chop etish

Xalqimiz, ming shukrlar bo‘lsinki, yana bir ulug‘ kunni – Qurbon hayitini qarshi olmoqda. Sinovlarga boy kechayotgan mazkur yilda bu gal bu qutlug‘ bayramni biroz boshqacha tarzda nishonlashga majburmiz. Negaki, butun dunyo ahli salomatligi va hayotiga koronavirus pandemiyasi jiddiy tahdid solib turibdi. Ammo bu xalqimiz qalbidagi bayram shukuhi, tarovatini aslo so‘ndira olmaydi, ezgu amallarimizga to‘siq bo‘lolmaydi.

 


Shu yilning 24 iyul' kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori  qabul qilindi va unga ko‘ra, 2020 yil 31 iyul' Qurbon hayiti  bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilab qo‘yildi. Ushbu qaror o‘zida xalqimizning xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy an'ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ezgu niyat va orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlanayotganiga yana bir dalil, albatta.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha  qo‘mitaga jamoat hamda  tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga rioya qilgan holda, xalqimizning milliy va diniy an'analari mos ravishda nishonlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.  
Shu boisdan shu yil 25 iyul' kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonoti e'lon qilindi. Ushbu bayonotda ta'kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi o‘qilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz. Yurtdoshlarimiz hayit kuni bomdod namozini o‘qiganlaridan so‘ng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli bo‘ladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi. Qurbonlik go‘shti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambag‘al va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi.
O‘z navbatida, yurtdoshlarimizdan bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab bo‘ladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, ma'raka-marosimlarni o‘tkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanish so‘raldi. Xonadonda, oila-a'zolari bilan birga Qur'oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o‘tganlarimiz ruhi poklariga baxshida etish tavsiya etildi. Imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab ekani to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlari amalga oshirish belgilab qo‘yildi.
Aziz hamyurtlar, sezib turganingizdek, bularning barchasi sizu bizning salomatligimizni asrash, koronavirus infeksiyasining keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadini nazarda tutadi. Hali bu sinovli kunlar ortda qoladi. Xudo xohlasa, keyingi hayit ayyomlarini yana jamoat bo‘lib nishonlash baxtiga muyassar bo‘lamiz. Faqat buning uchun bugun karantin qoidalariga qat'iy rioya etishimiz lozim. Mana shunday qutlug‘ kunlarda duolarimiz yanada ko‘paysin, xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlasin!
Barchangizga yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!


Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar bosh imom-xatibi.