Namangan tumani paxtakorlari 2020-yilgi davlatga paxta topshirish bo‘yicha shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi. Tumandagi 133 ta fermer xo‘jaligi 19 838 tonna paxta xom ashyosini topshirishi belgilagan bo‘lib, 13-oktyabr holatiga ko‘ra reja 100,02 foizga bajarilib, 19 843 tonnalik xirmon ko‘tarildi.

 

Tuman Chortoq va Mingbuloqdan so‘ng viloyatda uchinchi bo‘lib marraga yetib keldi.

 

Joriy yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlari uyushqoqlik bilan, jadal sur'atlarda o‘tkazilmoqda. Bunda nafaqat fermer xo‘jaliklari va “Toshbuloq teks” MChJ klaster korxonasi ishchi-xizmatchilari, balki ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha daromad topish maqsadida dalalarga chiqqan aholi ham faol ishtirok etdi.

 

Paxta sotish yillik shartnomaviy rejasi bajarilgan bo‘lishiga qaramasdan terim qizg‘in davom etmoqda. Hali dalalarda talaygina hosil bor. Tuman mirishkorlari hali yana viloyat va respublika xirmoniga munosib hissa qo‘shish niyatida.

 

G‘alaba muborak, Namangan tumani paxtakorlari!