Byuro organlari tomonidan oilalar quvonchiga quvonch qo‘shish maqsadida qator amaliy tadbirlarni amalga oshirib kelinmoqda. Ayniqsa, turli nizolar yoki arzimas sabab bilan ajrab ketgan oilalarni yarashtirish kundalik ishga aylangan. Jumladan, Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq manfaatlarini himoya qilish, aliment mablag‘larini undirish barobarida ko‘plab oilalarni murosaga keltirishmoqda.

Xususan, Byuroning Norin tuman bo‘limi ish yurituviga fuqaro Sh.Shamsiddinovdan undiruvchi G.Qo‘chqarova foydasiga 1 nafar farzandi uchun aliment undirish to‘g‘risidagi hujjat kelib tushgan. Davlat ijrochisi tomonidan har ikki tomonga sud qarorida belgilangan majburiyatlar doimo tushuntirib borilgan. O‘z o‘rnida mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari hamkorligida mazkur oilaga aliment undirishdan ko‘ra  yarashtirish masalasi doimo e'tiborda bo‘ldi. Buning natijasida kuni kecha bo‘limga kelgan oila vakillari navbatdagi tushuntirishlardan so‘ng yarashishga ahd qilishdi.  

-Albatta oila muqaddas dargoh, deydi G.Qo‘chqarova. Farzandimni tarbiyasida otaning o‘rni alohida ekanligini his qildim va bugun yarashdik. Buning uchun minnatdorchilik bildiraman.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra K.Abbosxonovdan N.Usmanova foydasiga 1 nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Namangan tuman bo‘limiga kelib tushgan va ijro harakatlari olib borildi. Ijro harakatlari davomida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari U.Abduraxmonovning olib borgan tushuntirishlari samara berib, ushbu oila ham yarashishga ahd qilishdi. Bu bilan Namangan tumanida yana bir oilaga quvonch qaytdi.

Bu kabi amaliy tadbirlar davom etmoqda.  

 

MIB Namangan viloyat boshqarmasi