Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Majburiy ijro byurosi Mingbuloq tuman bo‘limi va tuman ma’muriy sudi hamkorligida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida o‘z farzandlari uchun aliment mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlayotgan 9 nafar fuqaroning ish atroflicha ko‘rib chiqildi.



Fuqaro O.Ya tumanning Gurtepa mahallasida istiqomat qiladi. Turmush o‘rtog‘i A.J bilan 2016-yilda ajrab ketgan va sudning qarori bilan 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun har oyda ish haqi hamda topgan daromadidan 1/3 miqdorida aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga olingan va ijro harakatlari olib borilgan. Biroq, olib borilgan ijro harakatlari, tushuntirishlarga qaramay qarzdor ota voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment mablag‘ni qasddan to‘lamay keladi. Kun va oylar o‘tib qarzdorlik salkam 20 mln. so‘mga borib yetadi. Byuroning tuman bo‘limi tomonidan fuqaro O.Ya doirasidagi ijro ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun tuman ma’muriy sudga yuborildi. Bo‘lib o‘tgan sud davomida har ikki tomonlarning fikrlari eshitilib, yakuniy qaror qabul qilindi. Unga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.


Yana bir fuqaro Ch.M ham belgilangan majburiyatga panja orasidan qaragan mas’uliyatsizlik otalardan bo‘lib chiqdi. Bo‘lmasa, u fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2019-yildagi qarori bilan belgilangan undiruvchi N.E foydasiga 2 nafar farzandi ta’minotini o‘z vaqtida berib kelar edi. Davlat ijrochisining tushuntirishlari, ogohlantirishiga qaramay 2 oydan ortiq muddatda aliment to‘lamay keladi. Bo‘lib o‘tgan sudda unga nisbatan ham hukm chiqarilib, 15 sutkalik ma’muriy qamoq chorasi qo‘llanildi.
Umuman olganda, o‘tkazilgan sud jarayonlari bilan bo‘lim ish yurituviga olingan va farzandlari uchun aliment to‘lamay kelayotgan 9 nafar qarzdor otalarga jazo choralari qo‘llanildi.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech