Joriy yilning 6-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda murojaat joylashtirilgan. Unda MIB Namangan viloyat boshqarmasiga ishga olishda tanish-bilishchilik va ta’magirlik qilinayotgani bayon etilgan.

 

Mazkur murojaat bo‘yicha MIB Namangan viloyat boshqarmasi quyidagilarni bildiradi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil  30-maydagi "O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to‘g‘rida"  gi qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosida xizmatni o‘tash to‘g‘risida"  gi Nizomga muvofiq Byuro organlarida xizmat qilish uchun yurisprudensiya,  moliya,  iqtisodiyot va boshqa sohalarda oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotli,  sog‘ligiga ko‘ra xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Bunda Byuroning davlat ijrochilari lavozimiga oliy yoki o‘rta-maxsus yuridik ma’lumotga ega,  ayrim hollarda boshqa mutaxassislikka ega oliy ma’lumotga ega shaxslar ham  qabul qilinadilar.


Byuroga xizmatga qabul qilishda nomzodlarning yuqoridagi nizom talablariga muvofiqligini o‘rganish maqsadida tekshirish hamda maxsus komissiya tomonidan bilim saviyasi,  zarur kasb malakasi va ishchanlik qobiliyatini aniqlashga qaratilgan majburiy suhbat o‘tkaziladi.


Yuqoridagi talablardan kelib chiqqan holda Byuro organlarida xizmat qilish xohishi bo‘lgan fuqarolar tegishli hujjatlar taqdim etishlari va talablarga javob bergan taqdirda ularni bilim saviyasi,  zarur kasb malakasi va ishchanlik qobiliyatini aniqlash uchun tanlov komissiyasi tomonidan majburiy suhbatga jalb etiladi.


Majburiy suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar kelgusida Byuro organlariga xizmatga qabul qilinishi yoki zaxiraga olinishlari mumkin.


Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi shuni ma’lum qiladiki,  xizmatga qabul qilishda ana shu talablarga qat’iy rioya qilingan.


Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Byuro organlariga xizmatga qabul qilish Markaziy apparatda tashkil etilgan tanlov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi

MIB Namangan viloyat boshqarmasi