Viloyat hokimi bugundan boshlab Namangan shahridagi “Bunyodkor” mahallasida istiqomat qilishini bildirdi. Shavkatjon Abdurazzaqov bu haqda mahalla aholisi bilan uchrashuvi davomida ma’lum qildi.



— Har kuni shu yerda, sizlarga qo‘shni bo‘laman. Uyim mahalla idorasining ro‘parasida joylashadi. Bugun shu yerga konteyner o‘rnaydi va unga “viloyat hokimining uyi” deb yozib qo‘yiladi, — dedi Shavkatjon Abdurazzaqov.

Bugun erta tongdan ushbu mahallaga yuzlab ishchi-xodim va hasharchilar jalb etildi. Shaharning chekka hududida yerlarni tekislash, elektr tarmoqlari tortish, obodonlashtirish ishlari boshlandi. Uzoq yillar davomida foydalanishda bo‘lgan chiqindixona yopiladigan, mahalla idorasi esa qaytadan quriladigan bo‘ldi.


Eng asosiysi, mahallaga toza ichimlik suvi keltiriladi.


— Bu yerda 3 gektar joyda kichik sanoat zonasi tashkil etamiz va kamida 10 ta korxona ochamiz. Buning ortidan 12 ming kishi yashaydigan mahallada 1000 nafar odam ishli bo‘ladi, — dedi viloyat hokimi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 19 fevral kuni “Bunyodkor” mahallasida bo‘lgan va ichimlik suvi yo‘q, ichki yo‘llar yomon, atrof obodonlashtirilmagan hududdagi ahvolni tanqid ostiga olgandi.