Chop etish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 30 sentabrdagi farmoyishiga asosan Respublikamizda birinchi marotaba “Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi”  tashkil etilishi belgilangan edi.

Bugun Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida ushbu yarmarkaning hududiy bosqichi o‘z ishini boshladi. Unda vodiyning meva-sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi eng ilg‘or dehqon va fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, eksportchi hamda qayta ishlash korxonalari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari A.Mamatov so‘zga chiqib, Keyingi yillarda Namangan viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar va fermer xo‘jaliklari  o‘rtasida uzviy savdo iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.

2016 yilda viloyat bo‘yicha 364,8 ming tonna yoki 406,1 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinishi belgilangan bo‘lib, may-oktabr oylarida eksportga yo‘naltirish bo‘yicha 51 ta korxona tomonidan 790,0 mln.dollarlik chet el korxonalari bilan 124 ta eksport shartnomalari imzolandi.

Joriy yilning boshidan bugungi kunga qadar chet el buyurtmachi korxonalar tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga 46 mln. 873,4 ming dollarlik valyuta tushumi va 72 mln. 567,0 ming dollarlik eksport ta’minlandi.

Yarmarkada mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi, zaxira qiluvchi va eksportchi korxonalar o‘rtasida ko‘plab shartnomalar imzolandi.

Axborot xizmati