Chop etish

Joriy yil 4-dekabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining tenglik, oshkoralik, adolat va xalqaro demokratik talablar asosida o‘tishini ta’minlash maqsadida Namangan viloyatida ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi raisi Paxriddin Matkarimov quyidagilarni gapirib berdi:

– Saylov demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi, xalqning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy hayoti, jamiyat va davlat boshqaruvida, davlat hokimiyatini shakllantirishda bevosita ishtirokining asosiy shaklidir. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini emin-erkin bildirish kafolatlarini ta’minlaydigan milliy saylov tizimi va uning mustahkam huquqiy asoslari yaratildi, muntazam takomillashtirib borilmoqda.

Qonunchiligimizda Markaziy saylov komissiyasi rahbarligida saylovlarning qonun talablariga to‘la muvofiq ravishda tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydigan hamda faqat qonunga bo‘ysunadigan mustaqil saylov komissiyalari tizimi mustahkamlab qo‘yilgani milliy saylov tizimining eng muhim xususiyatidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari amalga oshiradi.

Namangan okrug saylov komissiyasi tomonidan ham ushbu muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ishlari “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun hamda Markaziy saylov komissiyasining tadbirlar rejasiga muvofiq izchil olib borilmoqda.

Okrug va uchastka saylov komissiyalarining sifatli va samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit yaratilishiga alohida e’tibor qaratildi. Okrug saylov komissiyasi “Namangan yoshlar markazi”ga joylashtirildi. Komissiya raisi va a’zolari, ishchi guruhi, matbuot markazi uchun alohida xonalar ajratilib, telefon, faks, nusxa ko‘chirish apparati kabi zamonaviy orgtexnika vositalari, mebel va jihozlar bilan ta’minlandi. Markazning katta majlislar hamda konferensiya zallari ommaviy axborot vositalari uchun turli matbuot anjumanlari tashkil etish, xorijlik kuzatuvchilarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Markaz foyyesida tashkil etilgan ko‘rgazmali vositalar orqali saylovchilar saylovga doir huquqiy asoslar, tartib-qoidalar, saylov komissiyasi faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishishlari mumkin. Internet tarmog‘iga ulangan komputerlar Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, uchastka saylov komissiyalari bilan tezkor axborot almashish imkonini bermoqda.

Saylov kampaniyasi boshlangandan buyon okrug hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonunning 10-11-moddalari talablari asosida saylovchilar soni 3000 dan oshmagan 690 saylov uchastkasi tuzildi. Saylov uchastkalari uchun aholiga qulay, zamonaviy va ko‘rkam binolar tanlandi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yuborilgan chaqiruv plakatlari shahar va tumanlarning aholi gavjum joylariga, tashkilot, muassasa va korxonalar binolari hamda saylov uchastkalariga o‘rnatildi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi videorolik Namangan shahridagi “Megapolis” va “Shodlik” savdo majmuasidagi katta elektron moslamalar orqali har besh daqiqada muntazam namoyish etilmoqda.

Barcha uchastka saylov komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasining saylovga oid qonunlari to‘plami, o‘zbek va rus tillaridagi turkum risolalar, adabiyotlar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi dasturlari bilan ta’minlandi.

Viloyat sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, “Namangan hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zbektelekom” AK Namangan filiali korxonalari bilan hamkorlikda saylov uchastkalarini aloqa vositalari bilan ta’minlash, saylov uchastkalarida ona va bola, tibbiyot xonalari tashkil etish va ularni jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Saylov uchastkalarini jihozlash va uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil etish tajribasi Kosonsoy tumanidagi 175-, Namangan shahridagi 79-saylov uchastkalarida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarlarda ommalashtirildi va markaziy hamda mahalliy televideniye orqali namoyish etildi.

Saylovni oshkoralik va xolislik tamoyillari asosida yoritish maqsadida viloyatdagi 43 ommaviy axborot vositasi vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Okrug saylov komissiyasi faoliyati viloyat va mamlakat ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazib borilmoqda. Bugunga qadar okrug saylov komissiyasi tomonidan 200 dan ortiq targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari o‘tkazildi. Viloyat hokimligining Komputerlashtirish markazi bilan hamkorlikda yaratilgan “saylov.namangan.uz” veb-sayti saylovchilar xabardorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Saylov huquqi sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan tuzilgan ekspertlar guruhi tomonidan shahar va tumanlarda saylovchilarning xuquqiy madaniyatini yuksaltirish, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining saylovga oid bilimini oshirish bo‘yicha hududiy seminarlar o‘tkazilmoqda.

Muxtasar aytganda, saylov okrugida saylovning tenglik, oshkoralik va adolat tamoyillari asosida o‘tishini ta’minlashga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu viloyatda ro‘yxatga olingan 1 million 771 ming 67 saylovchi, jumladan, birinchi marta ovoz beradigan 69 mingdan ziyod yosh saylovchining o‘z konstitutsiyaviy huquqidan emin-erkin foydalanishi, saylovning har tomonlama yuqori saviyada o‘tishiga xizmat qiladi.

manba: www.uza.uz