Respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondining tashabbusi bilan Xalq ta’limi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, «Nuroniy» jamg’armasi, «Kamolot» Yoshlar Ijtimoiy Harakati, O’rta maxsus, kasb-hunar  ta’limi markazi, Ma’naviyat targ’iboti markazi, Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda «qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam!» shiori ostida o’tkazib kelinayotgan «Mahalla – mening taqdirimda» ko’rik-tanlovining mazmun-mohiyati yoshlar ta’lim-tarbiyasini yanada rivojlantirish, ularni kelgusida jamiyat va xalq uchun chin insonlar bo’lib kamol topishlariga qaratilgan.

2017 yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag’ishlab uch bosqichli tizimda o’tkazilayotgan ushbu tanlovda mahallalarda istiqomat qiluvchi, o’sha hududdagi umumta’lim maktablarining 9-sinfi hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarining 1 va 2-kurslarida tahsil olayotgan o’quvchilardan iborat to’rt nafardan tarkib topgan jamoalar ishtirok etishmoqda.

«Namangan yoshlar markazi»da tanlovning viloyat bosqichi bo’lib, unda shahar va tuman bosqichlarida g’oliblikni qo’lga kiritgan o’n ikkita mahalla fuqarolar yig’inlarining jamolari bellashdilar. Tadbir boshlanishidan avval viloyat hokimining birinchi o’rinbosari Akmalxon Ortiqov, respublika O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi mas’ul xodimi Otajon Omonov, respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondi boshqaruvi vakili Gulnora Yo’lchieva so’zga chiqib, ushbu ko’rik-tanlovdan ko’zlangan maqsad haqida gapirib, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladilar.

O’quvchilar birinchi shart davomida o’zi istiqomat qilayotgan mahallasi haqida tushuncha berdilar. Yosh avlodni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalashda o’z mahallasining o’rni, «Oila-mahalla-ta’lim muassasasi» hamkorligi haqida hikoya qildilar.

Ikkinchi shart mahalla faoliyati va yoshlar ta’lim-tarbiyasiga doir hujjatlar hamda ma’naviyatga daxldor savollarga javoblar berishdan iborat bo’ldi. So’nggi shartda esa jamoalar a’zolari «Mahalla – mening taqdirimda» mavzuida insholar yozishdi.

qizg’in bahs-munozaralar bilan o’tgan ko’rik-tanlovda hakamlar hay’atining xulosasiga ko’ra Yangiqo’rg’on tumanidagi Poromon mahalla fuqarolar yig’inining «Amir Temur» jamoasi birinchi o’ringa munosib deb topildi. Norin tumani qizil tog’ mahalla fuqarolar yig’inining «Ma’rifat» jamoasiga ikkinchi, To’raqo’rg’on tumanidagi Sharq yulduzi mahallasining «Kamolot» jamoasiga uchinchi o’rinlar nasib etdi. 

Barcha g’olib va ishtirokchilar tashkilotchilarning qimmatbaho esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Axborot xizmati