Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Qozog’istonning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembaev mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishish hamda O’zbekiston-Qozog’iston o’rtasida viloyatlar miqyosida to’g’ridan to’g’ri hamkorlikni yo’lga qo’yish istiqbollarini o’rganish uchun 2 mart kuni Namangan viloyatiga keldi.

Dastlab Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuvda viloyat iqtisodiy-sanoat salohiyati haqida so’z bordi, shuningdek qo’shma agrosanoat zonasi tashkil etish muhokama qilindi.

So’ngra Yerik Utembaev O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig’i Qobiljon Jamolov va viloyatdagi turli sohalarda ishlab chiqarish bilan shug’ullanayotgan tadbirkorlik sub’yektlari rahbarlari bilan uchrashdi.

- Bugungi kunda O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasida savdo aylanmasi 2 milliard dollarni tashkil etmoqda, lekin hukumatlarimiz bu miqdorni besh milliardga yetkazishni rejalashtirishmoqda. Yaqin kunlarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning Qozog’istonga qiladigan safari doirasida bu borada qator yangi kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Lekin biz, katta biznes aloqalar bilan bir yonda, ikki mamlakat viloyatlari o’rtasida hamkorlikni rivojlantirish, kichik va o’rta biznes doirasida ham o’zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishimiz kerak. – deb so’z boshladi Qozog’iston elchisi. – Bugungi kunda Qozog’istonda yirik biznes rivojlangan, lekin kichik va o’rta biznes bizda oqsamoqda. Agar O’zbekistonda bu sektorning YaIM da ulushi 82 foiz bo’lsa, bizda 30-40 % ni tashkil etadi. Shunday ekan, Qozog’iston kichik va o’rta biznesni rivojlantirish uchun o’zbek tajribasini o’rganish kerak. Faqatgina hamkorlikni savdo bilan bog’lamasdan, qo’shma korxonalar tashkil etishni birinchi o’ringa chiqarishimiz kerak.

Namanganlik tadbirkorlar elchiga o’z korxonalari va ishlab chiqarayotgan mahsulotlari haqida gapirib berishdi, qozoq biznesi bilan hamkorliklari holatini tahlil etishdi, mavjud imkoniyatlar va sherikchilik salohiyatini namoyish etishdi.

Namanganning tekstil tajribasini bugun bemalol dunyo tekstili tajribasi sifatida amalga tadbiq etsa bo’ladi, sababi viloyatingiz korxonalarida tikilgan kiyimlar juda taniqli brendlarga aylanib ulgurdi. Qolaversa, mana hokim bilan uchrashuvda muhokama qildik, Namanganda qo’shma agrosanoat zonasini tashkil etishni. Kelgusida Markaziy Osiyoda bemalol dunyodagi eng yirik meva-sabzavot klasterini tashkil etish mumkinligini nazardan qochirmasligimiz kerak – deb ta’kidlab o’tdi Qozog’iston elchisi.

Ertaga Yerik Utembaev Namangandagi qator ilg’or ishlab chiqarish korxonalari bilan yaqindan tanishadi, o’zbek-qozoq biznesi hamkorligining istiqbollarini muhokama qiladi.

Axborot xizmati

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech