Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


 Ayol va bahor... Bu ikki so‘zni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Har birimiz intiqib, sog‘inib kutganimiz bahor fasli borliqqa betakror go‘zallik, zaminga  naziri yo‘q tarovat tuhfa etsa, ona, ayol o‘zining mehr-u – sadoqati, bardosh-u – irodasi, betakror nafosati va ibo-hayosi bilan hayot atalmish muqaddas ne’matga chinakam mazmun, harorat baxsh etadi.

Har fasli navbahorda sadoqat va vafo timsoli bo‘lgan ayollarimizning  bayrami – 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni tantanasi bahorga-da ko‘rk baxsh etadi.

Namangan shahrida o‘tkazilgan ana shunday bayram dasturida viloyatda faol mehnat qilib, elda e’zoz topayotgan munis onaxonlar va har sohada uddaburon, tadbirkor va fermer opa-singillar, viloyat rivojiga hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Tantanali tarzda o‘tgan tadbirda viloyat hokimi so‘zga chiqib, jamiyatimizning barcha jabhalarida o‘zligini namoyon etayotgan bayram ishtirokchilarini, qolaversa, viloyat va yurtimiz xotin-qizlarini samimiy muborakbod etdi. Ko‘tarinki kayfiyat hukmronlik qilgan bayram tadbirida mustaqillik yillarida ayolga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik borasida fikr yuritdi. Shuningdek, tantanada joriy yilda viloyatda ayollar va yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish maqsadida tadbirkor ayollar uchun 65 mlrd. so‘m, ta’lim muassasalarini bitirib chiqadigan 1000 nafarga yaqin yoshlarimiz uchun 20 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilayotganligi ta’kidlandi.

Sharaf bilan qayd etish o‘rinliki, hozirda viloyatimiz xotin-qizlari orasida 1 nafar fan doktori, 2 nafar O‘zbekiston Qahramoni 1 nafar Qonunchilik palatasi deputati borligini, mahalliy Kengashlar deputatlarining 20 foizdan ziyodini aynan ayollarimiz tashkil etadilar.

-Men chin ma’noda baxtiyor ayolman, deydi tadbirkor Anna Dobrix. – Kechagina poytaxtda o‘tkazilgan katta shodiyonada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mana shu muqaddas zaminimiz rivoji yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh faol ayollar qatorida meni ismimni ham tilga oldilar. Albatta, bu meni yanada mehnat qilib, tadbirkorlikni yangi qirralarini ochishga undaydi.

Har yili xotin-qizlar bayrami arafasida Muhtaram Prezidentimizning Farmonlariga muvofiq, bir guruh zukko va sohalarda e’tirofli yutuqlarga erishayotgan nafosat malikalariga “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti topshiriladi. Bu yilgi mukofot sohibalari orasida Chust sport kollejining 1-bosqich o‘quvchisi Sevinch Muhammadjonovaning borligi barchamizni mamnun etdi. Sportning taykvando yo‘nalishida bir qator yutuqlarga erishgan Sevinch Muhammadjonovaga viloyat rahbari esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Elimizning suyukli xonanda-yu-sozandalarining qo‘shiq – kuylari, raqqosalarning benazir xiromlari kechaga chinakam bahoriy kayfiyat in’om etdi.

Kecha davomida taqdim qilingan viloyat hokimining esdalik sovg‘alari turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatayotgan faol xotin-qizlar,  lobar opa-singillarga quvonch ulashdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech