Chop etish

Namanganda X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasiga tayyorgarlik doirasida innovatsion ishlanmalarning sohaviy taqdimotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi, viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-ishlab chiqarish va konstruktorlik markazlari xodimlari, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, fan-texnika yutuqlari, innovatsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etish orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda oliy ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot muassasalari intellektual salohiyatidan oqilona foydalanish, ilmiy-tadqiqot yutuqlarini iqtisodiyotning real sektoriga joriy qilish hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi rahbari, professor Rustamjon Murodov. – An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rgazma innovatsion ishlanmalar iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan, fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga tatbiq etilishiga keng imkoniyat yaratmoqda.

Yarmarkada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi, Bioorganik kimyo, Mikrobiologiya institutlari, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya, Namangan muhandislik-pedagogika, Andijon qishloq xo‘jaligi institutlari, Namangan va Farg‘ona davlat universitetlari kabi yigirmaga yaqin ilmiy muassasalarning mahalliy xomashyo asosida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, energiya va resurstejamkor texnologiyalar, muqobil energiya manbalari, paxta tozalash sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat, qurilish, chiqindilarni qayta ishlash, tuproq unumdorligini oshirish, o‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilish kabi yo‘nalishlardagi 100 dan ziyod innovatsion g‘oya, texnologiya va loyihalari namoyish etildi.

Meva-sabzavotlarni quyosh energiyasi qurilmasi yordamida quritish, kombinatsiyalashgan quyoshli biogaz qurilmasi, temir-betonga issiqlik ishlovi berishning energiyatejamkor usuli, issiqxonalarni noan’anaviy usulda isitish va sabzavot ekinlari yetishtirish texnologiyasi, tibbiy ipak dokasi ishlab chiqarish va uzumdan yuqori hosil yetishtirish texnologiyasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yarmarkada ilmiy muassasalar va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida umumiy qiymati 2 milliard 13 million so‘mlikdan ziyod 43 shartnoma imzolandi.

manba: www.uza.uz