Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Hududlararo hamkorlikni o’rnatish, o’zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, qo’shma korxonalar tashkil etish, ijtimoiy-gumanitar, ta’lim, sog’liqni saqlash, qishloq xo’jaligi sohalarida birgalikda ishlashni yo’lga qo’yish maqsadida Rossiyada safarda bo’lib turgan Namangan viloyati delegatsiyasining avvalgi kunlarda amalga oshirgan ishlari haqida xabar bergan edik.

Chelyabinsk viloyatiga 28 mart kuni tashrif buyurgan delegatsiya bugundan e’tiboran yeng shimarib ishga kirishdi. Janubiy Ural savdo-sanoat palatasida o’zbekistonlik va janubiy urallik ishbilarmon doiralar biznes forumi o’tdi hamda uning asnosida muzokaralar o’tkazildi.

Biznes forumda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov Rossiya va O’zbekiston kichik va o’rta biznes sohasida hamkorlik bo’yicha katta imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidlab o’tdi. Namangan viloyatining tekstil sohasidagi ulkan salohiyati, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetkazib berishdagi imkoniyatlari haqida gapirdi.

“Bizning korxonalarimiz Janubiy Ural tadbirkorlari bilan yaqin aloqalarni yo’lga qo’yib, o’zaro savdo hajmini oshirishni maqsad qilishgan. Shuningdek, birgalikda biznes-loyihalarni amalga oshirish har ikki taraf ham uchun foydalidir. Yengil sanoat va qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksportidan tashqari, biz mashinasozlik va metallurgiya sohasida qo’shma korxonalar tashkil etishdan o’zaro manfaatdormiz. Bugungi tadbir o’zaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat ega”, – dedi Xayrullo Bozarov.

Janubiy Ural savdo-sanoat palatasi prezidenti, 2016 yilning iyunidan e’tiboran Ishbilarmonlar Kengashi raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Fedor Degtyarev bu muzokaralar o’zaro aloqalarni yanada mustahkamlashini ta’kidlab o’tdi.

«Bugungi tashrifdan men ikki karra baxtiyorman. O’zim 18 yil davomida yashagan va uning aholisini qardoshlarim deya oladigan serquyosh O’zbekistondan mehmonlar tashrif buyurishdi. Ular bizning yaqin savdo hamkorlarimiz hamdir.

Hukumatlaro hamkorlikning yanada taraqqiy etayotgani savdo-iqtisodiy aloqalarda ham o’z aksini topmoqda. O’zbekistondagi qulay investitsion muhit, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan sharoitlar Rossiya biznesi vakillarini o’ziga tortmoqda. O’zbekiston bozorida Rossiya kompaniyalarining ulushi oshib borayotgani bejizga emas», — dedi Degtyarev.

Tadbir doirasida Rossiya-O’zbekiston ishbilarmonlari o’zaro muzokaralar o’tkazishdi. Namangan viloyati ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlari ko’rgazmasi mezbonlarga namoyish etildi.

 Unda «Namangan momiq sochiqlari» MCHJ, «Nafis teks grup» (trikotaj mahsulotlari), «Tillaxon» xususiy korxonasi (tabiiy sharbatlar), «Namanganmash» AJ (mashinasozlik), «Afruz Kamol Nabi» MCHJ (meva-sabzovotlar), «Shaxrixonchek sanoat savdo» MCHJ (meva-sabzovotlar), «Istiqlol dizayn markazi» MCHJ (kiyim-bosh, liboslar), «Muxammadiy tekstil» (mahsus liboslar), «Uchqo’rg’on nihol eksport» (meva-sabzovotlar), "Uchqo’rg’on yog’" (yog’-moy mahsulotlari), "Bunyodkor 3" MCHJ (qurilish materiallari), "Namangan temir-beton buyumlari zavodi" MCHJ (qurilishi materiallari), "Namangan Olmos eksport" MCHJ (meva-sabzovotlar) tashkilotlari o’z mahsulotlarini urallik hamkasblariga taklif etishdi. Biznes forumda Janubiy Uralda faoliyat ko’rsatayotgan 50 dan ortiq kompaniyalar rahbar va mutaxassislari ishtirok etdilar.

Shu bilan bir paytda Namangan viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’i Solijon Mo’minov Chelyabinsk viloyati sog’liqni saqlash vaziri Sergey Kremlev bilan uchrashib, hamkorlik, o’zaro tajriba almashishni yo’lga qo’yish bo’yicha muzokaralar o’tkazdi.

Namangan davlat universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektorlari - Abdusalom Umarov va Odiljon Mamatkarimovlar Chelyabinsk viloyati fan va ta’lim vaziri Aleksandr Kuznetsov bilan uchrashib, ilmiy sohada hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, uchrashuvda Chelyabinsk davlat universiteti rektori Diana Tsiring, Janubiy Ural davlat universitetining xalqaro aloqalar bo’yicha prorektori Viktor Katachkov, Janubiy Ural davlat agrar universiteti  Agromuhandislik instituti direktori Konstantin Sazonov, hududiy vazirlikning fan va oliy ta’lim bo’limi boshlig’i Yelena Devyatovalar ishtirok etishdi.

 Tomonlar Rossiya va O’zbekiston ta’lim tizimining o’ziga xos jihatlarini muhokama qilishdi. Innovatsiya va ta’lim sohasidagi hamkorlikning rivojlantirish yo’nalishlarini belgilab olishdi. Iqtisodiyotning amaliy muammolari yechimi bo’yicha yaqin sheriklikda ishlash istagi bildirildi. Professor-o’qituvchilar o’rtasida tajriba almashish, talabalar ishtirokida qo’shma ilmiy-konferentsiyalar o’tkazishga kelishib olindi.

Namangan viloyati oliy o’quv yurtlari rektorlari uchrashuvdan so’ng Janubiy Uralning bir qator oliygohlarida bo’lib, ular bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomalarini imzoladilar.

Delegatsiyaning safari davom etmoqda. Kun davomida bir qator ishlab chiqarish ob’ektlariga borildi. Jumladan, hududda tashkil etilgan «Churilova» issiqxona markazi barchaning e’tiborida bo’ldi.

Shuningdek, Xayrullo Bozarov boshchiligidagi Namangan viloyati delegatsiyasini Chelyabinsk viloyati gubernatori Boris Dubrovskiy qabul qildi. Ikki hudud rahbari kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o’tkazishdi va hamkorlikni o’rnatish bo’yicha protokol imzoladilar.

Amaliy uchrashuvlar yuqori saviyada davom etmoqda.

Hojiakbar Pattaev

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech