2017 yilning 3-7 aprel kunlari BMTTD “Mahalliy boshqaruv tizimini qo’llab-quvvatlash” loyihasi (2-faza) tomonidan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Jizzax, Toshkent va Namangan viloyati hokimiyati, moliya va iqtisodiyot boshqarmalari rahbar va yetakchi mutaxassislari uchun Chexiya Respublikasiga o’quv safari tashkil qilindi.

O’quv safarining asosiy maqsadi Chexiya Respublikasining byudjet tizimi, mahalliy hukumatning byudjet sohasidagi vakolatlari, hududiy rivojlantirish dasturlari, hududlarda o’rta muddatli byudjetni amalga oshirish, rivojlantirish dasturlari va byudjet o’rtasidagi bog’liqliklar, byudjet sohasidagi mutaxassislarni malakasini oshirish va boshqa sohalardagi tajribasini o’rganishdan iborat.

O’quv safari mobaynida qatnashchilar Chexiya Respublikasi Moliya vazirligi, Janubiy Bogemiya viloyati, Praga 3 tumani va Davlat boshqaruvi instituti faoliyati bilan tanishdilar. Chexiya Moliya vazirligi mutaxassislari byudjet qonunchiligi, byudjet tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, byudjet jarayoni va uni amalga oshirish, shuningdek o’rta muddatli byudjet to’g’risida har tomonlama ma’lumot berishdi.

Janubiy Bogemiya viloyatiga va Praga 3 tumaniga qilingan safarlar chog’ida qatnashchilar mazkur viloyat va tumanning byudjeti, byudjet jarayoni, davlat va mahalliy byudjet o’rtasidagi munosabatlar, detsentralizatsiya jarayonini o’rgandilar.

Davlat boshqaruvi instituti xodimlari o’zbek mutaxassislariga davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, byudjet sohasidagi mutaxassislar uchun mo’ljallangan kurslar to’g’risida so’zlab berishdi.

O’z navbatida o’zbek delegatsiyasi a’zolari O’zbekiston Resoublikasi byudjet tizimi, mahalliy byudjetlar, byudjetlararo munosabatlar, shuningdek hududlardagi yo’l va logistika tizimi to’g’risida ma’lumot almashishdi.

Mazkur o’quv safari Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi elchixonasi, Chexiya Respublikasi Moliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O’zbekistondagi vakolatxonasi moliyaviy ko’magi bilan tashkil etildi.